Futzal. Bruno Garsiya: "Vetnam Osiyo chempionatiga tayyor"

Narzulla Saydullayev
29 yanv 2016, 11:39
10-21 fevral kunlari Toshkentda o'tadigan Osiyo chempionatida qatnashuvchi terma jamoalar orasida birinchi bo'lib Vetnam O'zbekistonga yetib keldi.

Kecha O'zbekiston va Tojikiston terma jamoalari o'rtasidagi o'rtoqlik uchrashuvini Vetnam bosh murabbiyi Bruno Garsiya kuzatib bordi. "C" guruhida Tojikiston, Tailand va Xitoy Taypei bilan kurash olib boradigan Vetnam ustozi bo'lajak raqiblari haqida ma'lumot to'pladi. Biz fursatdan foydalanib ispaniyalik murabbiyning fikrlari bilan qiziqdik.

"O'zbekistonga bugun, 28 yanvar kuni yetib keldik, - deb gap boshladi Bruno Garsiya. Osiyo chempionatiga tayyorgarlikni shu yerda davom ettiramiz. Ayni paytda Hoshiminda 35 daraja issiq, Toshkentda esa deyarli 0 gradus ekan. Shu bois ham shogirdlarim mahalliy iqlimga moslashishlari uchun qita chempionati boshlanishiga 14 kun qolganida yurtingizga yetib keldik".



"Guruhimizdan o'rin olgan Tojikiston terma jamoasining O'zbekistonga qarshi o'yinini tomosha qildim. Tojikiston safida individual tarzda kuchli futzalchilar ko'p, lekin taktik qo'llanmalar yo'qligini sezdim. Masalan, O'zbekistonda taktik qo'llanmalar ko'pligi ko'zga tashlandi".

"Vetnam Osiyo chempionatiga tayyor. Taktik kuchimiz orqali raqiblarning jismoniy kuchini engishga harakat qilamiz. Guruhdagi barcha raqiblarni hurmat qilamiz. Kvartetimizda Tailand favorit. Xitoy Taypei ham o'ziga yarasha kuchli terma jamoa hisoblanadi".

"Toshkentga kelganimizda qalin qor yoqqanini ko'rdik. Men ispaniyalikman oldin ham qorni ko'p ko'rganman (kuladi). Shogirdlarim esa bundan hayron qolishdi. Bir yil oldin Xorvatiyaga yig'in o'tkazishga borganimizda futzalchilarim birinchi bor qorni ko'rishgandi", - deydi Vetnam terma jamoasi bosh murabbiyi.


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia