Futzal. Abdulla Bo'riev: "O'zbekiston terma jamoasi avvalgi natijasini yaxshilashiga umid qilaman"

Iskandarov Abdulaziz
10 sen 2024, 09:10
O'zbekiston futzal terma jamoasi sobiq o'yinchisi Abdulla Bo'riev yurtimizda bo'lib o'tadigan Jahon chempionati oldidan fikrlarini bildirdi.

"Jahon chempionatini O'zbekistonda o'tayotgani bilan chin qalbimdan tabriklayman. Bu juda katta voqea hisoblanadi. Mundialda uchinchi marotaba ishtirok etamiz. Bu avvalgilaridan ahamiyatlisi mezbon ekanligimizda. Futzalchilarimiz muxlislar qarshisida to'p tepishadi. Boz ustiga ketma-ket uzluksiz bu musobaqada ishtirok etib kelyapmiz. 

Xose Venansio Lopes boshchiligida Osiyo chempionatida ishtirok etib kelishdi. Ko'rindiki, Eron ham tarkibida o'zgarishlar qildi. Bu tarkibi bo'shroqdek taassurot qoldirdi. Bizning jamoa yomon o'yin ko'rsatgani yo'q. Yangi murabbiy ko'proq yoshlarga urg'u berdi. Chempionatimizni kuzatdi va o'ziga yoqqan tarkibni yig'di. Afsuski, jarohatdan hech kim kafolatlanmagan. Bu omil o'z so'zini aytmasdan qolmaydi. Murabbiyning taktikasi boshida ko'proq pressing qilish edi. Endi balki jarohatlar ko'payganidanmi, taktika o'zgardi, ko'proq himoya va standart vaziyatga e'tibor qaratmoqda. Nimadir olib kirdi, ammo kam deb o'ylayman. 

Jahon chempionatidagi imkoniyatlarimizni o'rtacha deb o'ylayman. Tarkibimiz optimal holatda emas. Agarda aksi bo'lganida yuqoriroq baholash mumkin edi. Bu safar avvalgi natijani takrorlasak kerak. Umid qilamanki, yigitlar natijani yaxshilashadi.

Avvalgi Jahon chempionatida Anasxon, Ixtiyor o'zini ko'rsatgan. Ayni paytda tarkibda yoshlar ko'p. Ajralib turayotgani Abror deb o'ylayman. Jarohat sabab tarkibga kira olmayotgan Muzaffar Axadjonovni ham aytgan bo'lardim. 

Favoritlar futbolda bo'lgani kabi Braziliya, Ispaniya, Argentina, Portugaliya. Terma jamoamizning Braziliya bilan o'yinini tomosha qildim. Yigitlar hali optimal sport formada emas. Terma jamoamizga omad tilayman",- deydi Abdulla Bo'riev.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia