

Turnirning ilk bosqichi So'h tumanida o'tkazildi. "Futbol hamma uchun" deb nomlangan musobaqada So'h tumanidagi mahalla yoshlari sportning mini-futbol turi bo'yicha bellashdilar. Unda 2007, 2008 hamda 2009-yilda tug'ilgan bolalar o'zaro bellashdilar. Finaldagi "Rovon" hamda "Chashma" futbolchilari o'rtasidagi o'yinda "Rovon" jamoasi g'oliblikni qo'lga kiritdi. G'oliblar Farg'ona futbol assotsiatsiyasi tomonidan medal, diplom va esdalik sovg'alari bilan taqdirlanishdi. Shu o'rinda, So'h tumani hokimligi va tuman Yoshlar ittifoqi vakillari viloyat futbol assotsiatsiyasiga tashkil etilgan turnir uchun minnatdorchilik bildirishdi.




"Futbol hamma uchun" turnirining ikkinchi qismi Shohimardon qishlog'iga ko'chdi. 100 nafarga yaqin mahalla bolalari o'rtasidagi turnir ham qizg'in ruhda kechdi. "Nasriddinboy" va "Dashariq" mahalla yoshlaridan tashkil topgan jamoalar finalga qadar yetib borishdi. Bellashuvni farg'onalik yosh hakam Oybek A'zamjonov boshqarib bordi. Asosiy vaqtda g'olib nomi aniqlanmagach, yakuniy natija penaltilar seriyasiga ko'ra belgilandi. Unda "Nasriddinboy" jamoasi g'olib keldi. Final bahsidan so'ng g'oliblarni taqdirlash marosimi o'tkazildi. Unda Farg'ona futbol assotsiatsiyasi 1 vice- prezidenti Rasuljon Yuldashev so'zga chiqib, shoximardonlik yoshlarni tabrikladi.



- Birinchi o'rinda turnirda ishtirok etgan barcha bolalarga rahmat aytib qolmoqchiman, - deb gap boshladi Rasuljon Yuldashev - Bugun garchi g'olib nomi bitta jamoa bo'lgan bo'lsada, barcha jamoalar chempionlikka hos tarzda kurash olib borishdi. Musobaqa o'yinlari shuni ko'rsatdiki, bu yerda ham iqtidorli yoshlar talaygina topiladi. Shohimardonda mana shunday turnir tashkil qilishimizdan asosiy maqsad, qishloq futbolini rivojlantirish, yoshlar o'rtasida futbolni ommallashtirish hamda sog'lom turmush tarzini targ'ibot qilishdan iborat. Sizlarni safingizdan ham Odil Ahmedov, Server Jeparov, Sardor Rashidov singari mashxur futbolchilar yetishib chiqadigan palla yetib keldi. Umid qilamanki, kelajakda Shohimardondan ham mana shunday O'zbek futbolining yulduzlari yetishib chiqadi. Bu borada Sizlarga omad tilab qolaman, - dedi Rasuljon Yuldashev.




Shundan so'ng, nafaqat g'oliblarga, balki musobaqaning barcha ishtirokchilariga Farg'ona futbol assotsiatsiyasi tomonidan medal, diplom, futbol to'plari, formalar hamda adabiy kitoblar sovg'a tarzida taqdim etildi. Shuningdek, turnirni barcha o'yinlarini qiziqish bilan kuzatib borgan imkoniyati cheklangan bolalarga ham "turnirning eng yaxshi muxlisi" nominaciyasi ostida sovg'alar topshirildi. Farg'ona futbol assotsiatsiyasi yil davomida viloyatning barcha shahar va tumanlarida mana shunday turnirlarni o'tkazishni reja qilgan.



Hojiakbar Jabborov
So'h va Shohimardondan maxsus



