Fotomaqola: Akademiya mahsuli bo'lgan "Paxtakor"ning bugungi tarkibi

Nadirkhuja Yuldashev
12 avg 2013, 11:00
Kuni kecha "Anji" jamoasida bo'lib o'tgan o'zgarishlardan xabaringiz bor.
Bundan buyon Sulaymon Kerimov yulduzlarga emas, balki akademiyaga e'tibor qaratishini ta'kidlab o'tdi. Bundan roppa-rosa 10 yil avval "Paxtakor" futbol klubi o'zining professional futbol maktabini yo'lga qo'ygandi. 2006 yilga kelib akademiya maqomini oldi. Agar o'sha yillarda jamoa yoshlarga e'tibor qaratishni boshlamaganida bugungi moliyaviy holatdan kelib chiqib jamoa allaqachon inqirozga yuz tutgan bo'lar edi. Professional akademiyani yo'lga qo'yish orqali klub katta miqdordagi pulni tejayapti. Bugun jamoaning asosiy tarkibida to'p surayotgan A.Ismatullaev, D.Hoshimov, V.Kozak, I.Sergeev, A.Maxsitaliev va J.Iskanderov oliy liganing boshqa jamoalari bilan solishtirganda juda kam miqdorda maosh oladilar. Ammo akademiya falsafasiga ko'ra klubga bo'lgan sadoqat tufayli ularni hatto pul chalg'ita olmasligini amalda ko'rib turibmiz. Bugungi kunda ko'plab jamoalar o'zlarining futbol maktablarini professionallashtirishga qaratishyapti. Buning mevasini bugun yoki erta ko'rmasligimiz mumkin, ammo yillar o'tib undan faqatgina "Paxtakor" kabi lazzat olish mumkin bo'ladi. Lekin afsuski, jamoadagi moliyaviy holat muqim bo'lmas ekan, klub muxlislari har yili birorta yulduzdan voz kechishga majburlar.

Bugungi kunda "Mashal"ning potencialini ham "Paxtakor" kabi yuqori ekanligini ta'kidlab o'tishimiz mumkin. Aynan shu ikki klubning o'z vaqtida akademiyani rivojlantirishidan bugungi kunda butun O'zbekiston Osiyo chempionatlari va JCHlarni miriqib tomosha qilmoqda.

Ayni paytda "Paxtakor" Respublika olimpiya zaxiralari kollejining xizmatidan foydalanadi. Agar jamoada "Mashal", "Bunyodkor" yoki "Nasaf" klublarida bo'lgani kabi shaxsiy akademiya bo'lganida jamoada yoshlarni yetishtirib berish foizi bir muncha oshishi turgan gap. Tabiiyki, bunday sharoitda Odil Ahmedov va Server Jeparov kabi futbolchilar soni oshib boraveradi.

Fotoarxivimni "titkilab" 15-turdan o'rin olgan "Bunyodkor" - "Paxtakor" uchrashuvi tarkibi aslida bundan bir necha yil avval tuzilganiga guvohi bo'ldim. Ushbu fotosuratli maqolani yozishdan asosiy maqsad, boshqa jamoa muxlislari ham o'z klublaridan bo'lar-bo'lmas legioner yoki hech nimani anglatmaydigan kuchli beshlik kabi o'rinlar uchun kurashishni emas, e'tiborni aynan shunday istedodlarni tarbiyalashga qaratishlarini talab qilishlarini istardim.

  • 2009 yilning 24 iyun sanasida 1993 yilda tavallud topgan futbolchilar o'rtasida bo'lib o'tgan Toshkent shahar chempionati "Paxtakor" - "Bunyodkor" uchrashuvidan tushirilgan quyidagi suratlarga e'tibor qaratishingizni so'rayman. Kecha "Bunyodkor"ni mag'lubiyatga uchratilishida katta rol o'ynagan Jamshid Iskanderov mazkur bahsda ishtirok etgan.



Mazkur uchrashuvda "Paxtakor" akademiyasi tarbiyalanuvchilari 1:2 hisobda imkoniyatni boy bergan edilar. 



O'shanda 1993 yilda tavallud topgan futbolchilariga Dmitriy Kim ustozlik qilgan. Bugun Siz ko'rib turgan Jamshidning o'yinlarini akademiya muxlislari 6 yildan beri tomosha qiladilar. 



Bu endi kattalar futboli. Endi Iskanderovning qarshisida "Bunyodkor"-93 emas, O'zbekiston chempionlari

  • Bolalar futboli ishtirokidagi o'yinlarni tomosha qilish har doim yoqimli. Boisi oddiy. U yerda halollik bor! Yoshligida texnikaga katta e'tibor beradigan futbolchilarimiz erkin harkat qiladilar. Faoliyatini himoyada boshlab, keyinchalik yarim himoyachi ampluasiga o'tgan Vladimir Kozak bugun yana markaziy himoyadan joy olyapti. Ampluadoshlaridan farqli ravishda Kozak hujumni himoyadan boshlaydigan kam sonli futbolchilardan biri.



To'raqo'rg'onlik bu yigit mazkur uchrashuvdan so'ng bir yil o'tib jamoaning asosiy tarkibida o'z debyutini o'tkazgan. Kozak 2009 yil 21 oktyabr kuni "Metallurg" - "Paxtakor" (1:1) uchrashuvida "sherlar" safidagi debyutini nishonlagan.



Agar bu yigitlar yulduzlik kasaliga uchramasalar, nafaqat "Paxtakor"da, balki O'zbekiston milliy terma jamoasida ham o'z o'rinlarini topib keta olishadi.




Vladimir Kozakning bugungi o'yini MTJ bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovning ham e'tiborini qozondi. MTJda yoshartirish ishlari boshlab yuboriladigan bo'lsa, bu futbolchilar shubhasiz terma jamoaning doimiy a'zosiga aylanadilar.

  • MTJning JCHga chiqa olmayotgani armon bo'lib qolayotganidek, yoshlar terma jamoamizning Olimpiada yo'llanmasini qo'lga kirita olmayotgani ham muxlislarimizni ranjityapti. Aynan 1993 yilda tavallud topgan futbolchilar yangi tuziladigan olimpiya terma jamoasining o'zagi bo'ladilar.  



Toshkent shahar birinchiligida doimiy tarzda to'purar bo'lib kelgan Igor Sergeev 2012 yili BAAda bo'lib o'tgan yoshlar o'rtasidagi qita chempionatining eng yaxshi o'yinchisi bo'ldi. Bir paytlar "Paxtakor" safida Aleksandr Geynrix va Marat Bikmaev yosh hujumchi sifatida oliy liga o'yinlarida ishtirok etganlar. Katta tanaffusdan so'ng Sergeev "Paxtakor"ning ushbu ananasini davom ettirdi.



O'yini biroz zerikarli bo'lsa-da, to'pga bo'lgan chanqoqligi va vaziyatni so'nggi soniyagacha kuzatish bo'yicha Sergeevning potenciali kuchli.





Iskanderov va Kozak kabi Sergeev ham oradan ko'p o'tmay "Paxtakor"ning asosiy tarkibida. Bu endi jiddiy futbol.

Bu maqola kimgadir yoqar, kimgadir aksincha "paxta" bo'lib ko'rinar, ammo bu yoshlarni haqiqatdan ham 5-6 yil avvalgi o'yinlarini ko'rib kishi rohatlanar edi. Ularni yo'qotib qo'ymagani uchun "Paxtakor" jamoasiga alohida minnatdorchilik bildirish lozim deb o'ylayman. Bugun bu futbolchilarga berilayotgan o'yin amaliyoti, ertaga albatta avlodlar almashinuvini boshidan o'tkazadigan O'zbekiston milliy terma jamoasi uchun asqotadi.

Keyingi maqola "Mashal" futbol akademiyasiga bag'ishlanadi.


Fotomaqola muallifi Nodirxo'ja Yuldashev.



Nadirkhuja YuldashevMuallif
Manba: championat.asia