FIFA hakami Seytlin protokol to'ldirishda xatoga yo'l qo'ydi

Narzulla Saydullayev
30 mar 2014, 14:41
Xabaringiz bor, oliy liganing 3-turidan o'rin olgan “Bunyodkor” – “Olmaliq” bahsini FIFA referisi Vladislav Seytlin boshqarib bordi.
1:1 hisobida yakuniga etgan bahsda olmaliqliklardan to'pni jamoaning yangi yarim himoyachisi Aleksandr Alimpievich kiritdi. Ammo Seytlin o'yindan keyin protokol to'ldirishda xatolikka yo'l qo'yib, golni Sanjar Shoahmedov nomiga yozib yubordi.

Ma'lumki, uchrashuv protokoli rasmiy qaydnoma hisoblanadi. Va statistika bilan shug'ullanuvchi kishilar shunga monand ish yuritishadi. “Bunyodkor” – “Olmaliq” uchrashuvining 54-daqiqasida shunday voqea yuz berdi. Jarima maydonchasi ichiga shiddat bilan kirib borgan “Olmaliq” hujumchisi Zafar Polvonovni Xayrulla Karimov qo'pollik ishlatgan holda to'xtatib qoldi.

Vladislav Seytlin bu yerda penalti berdi-yu, ammo Karimovga hech bo'lmasa “sariq” ham ko'rsatmadi. Chunki u bilardi, futbolchining sal oldin sariq kartochka olganini va bu o'rinda himoyachini ayadi. Penaltini jabrlanuvchining o'zi tepishga qaror qildi. Ammo Zafarning tepgan to'pi avval Akbar To'raevning qo'liga, keyin darvoza to'siniga tegib maydonga qaytdi va qaytgan to'pga birinchi bo'lib yetib kelgan Alimpievich bosh bilan zarba bergan holda hisobni ochdi.

Lekin golni nishonlash uchun birinchi bo'lib Sanjar Shoahmedov qo'llarini osmonga ko'targancha yugurib ketdi va shu payt Seytlin shu o'yinchi to'p kiritdi degan xayolga borgan bo'lsa kerak. Sanjarning o'zi bilan bog'langanimizda, yarim himoyachi gol o'zining hisobiga yozilganidan xabari borligini, ammo gol urmaganini ma'lum qildi. Qolaversa, takroriy vaziyatda ham to'pni Alimpievich kiritgani shundoq namoyon bo'lgan.

Natijada PFL rasmiy saytining ham o'zbekcha, ham ruscha versiyasida gol Shoahmedov nomiga ketdi. Chunki ular uchrashuv protokolidan foydalanishgan. Protokolni to'ldirgan Seytlin esa xatolikka yo'l qo'ygan. Qizig'i, “Bunyodkor” saytidagi o'yin sharhida golni haqiqatdan ham Alimpievich urgani yozilgan, lekin qaydnomada baribir Shoahmedov ko'rsatilgan. “Olmaliq” rasmiy saytida ham gol Sanjar nomiga yozilgan. Ko'rdingizmi, bosh hakamning protokolni noto'g'ri to'ldirishi oqibatida mana shunday tushunmovchilik yuzaga kelgan.



Ana endi seshanba kuni futbolga oid gazetalarni ko'ramiz. Qiziq, nashrlar golni kimning nomiga yozisharkin.  E'tiborlisi, bu holat “Bunyodkor” ishtirokidagi o'yinlarda ketma-ket ikkinchi bor takrorlanyapti. Xususan, 2-turdagi “Mashal” – “Bunyodkor” bahsida ham golni aslida Dilshod Jo'raev urgan, ammo ko'pchilik Sardor Sobirxo'jaev nomiga yozib yuborgandi, shu jumladan PFL rasmiy sayti ham (faqat bu xato keyinroq to'g'irlandi).

Lekin unda bosh hakam Valentin Kovalenko protokol to'ldirishda adashmay, golni Dilshod Jo'raev nomiga yozgandi. Ko'rganlar aytdi: Vladislav Seytlin golni Sanjar Shoahmedov hisobiga yozvoribdi. Nima ham derdik, futbolda shunaqasiyam bo'lib turadi.

Xayrulla Xoliqov.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia