

Qishki yig'inlar, transferlar bozoridagi faollik, tarkiblardagi yangilanishlar - bularning barchasi yangi chempionatga bo'lgan qiziqishni yanada oshiradi. Mavsum starti arafasida O'zbekiston terma jamoasi sobiq futbolchisi Viktor Karpenko o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
"O'zbekiston Superligasining yangi mavsumi oldidan ko'plab jamoalar tarkibni muvozanatli shakllantirishga erishdi. Selekciya ishlari samarali olib borildi, sifatli legionerlar jalb etildi. Shu bois, jamoalar ijrosida yanada hujumkor futbolni ko'rish va chempionlik uchun kurash so'nggi turgacha davom etishini istaymiz", - dedi murabbiy.
Uning fikriga ko'ra, liga ancha raqobatbardosh, shuning uchun "So'g'diyona" yoki "Lokomotiv" darajasidagi jamoalar ham kutilmagan natijalar qayd etishi mumkin:
"So'g'diyona" - doim ham yetakchilar qatorida bo'lmasa-da, o'tgan mavsumlarda barqaror o'yini bilan ajralib turgan va yuqori o'rinlar uchun kurashish salohiyatiga ega. "Lokomotiv" - yaqinda Pro-ligadan Superligaga qaytgan jamoa sifatida “sirli tulpor”ga aylanishi mumkin",- deydi Karpenko.

Karpenko ilk turlar ko'p hollarda jamoalarning haqiqiy salohiyatini to'liq aks ettirmasligini ham qayd etdi:
"Qishki yig'inlar va yangi futbolchilarning moslashuv jarayoni sabab start o'yinlari qiyin kechishi mumkin. Shu bilan birga, mavsum boshida favoritlar ochko yo'qotishi oddiy hol: kuchli jamoalar bazan o'rta pog'ona vakillariga qarshi kutilmagan natijalar qayd etadi, debyutantlar esa ishonchli o'yin namoyish qilishi mumkin. Ayniqsa, favoritlar safarda motivaciyasi yuqori autsayderlarga qarshi bahslarda sensacion natijalar bo'lishi ehtimoli katta",- deydi sobiq to'ptepar.
Sobiq futbolchi shuningdek, birinchi turning ilk uchrashuvlarini diqqat bilan kuzatishini ma'lum qildi va barcha jamoalarga omad tiladi:
"Albatta, birinchi turning ilk uchrashuvlarini kuzataman. Umuman olganda, har qanday o'yin qiziqarli bo'ladi. Barcha jamoalarga mavsum davomida qo'yilgan vazifalarni muvaffaqiyatli bajarishni tilayman",- deydi Karpenko.



