Farruh Zokirov: “Paxtakor”ga qarshi o'yin biz uchun qiyin kechdi”

Narzulla Saydullayev
13 noya 2021, 18:58
Futzal bo'yicha O'zbekiston Oliy ligasi bellashuvlarining 2-tur bahslari poyoniga etdi.

Farg'onaning “Neftchi” klubi 2-turda ikki g'alaba va 1 mag'lubiyat qayd etdi. Xo'sh, bu yil Oliy ligada debyut mavsumini o'tkazayotgan “Neftchi” qanday maqsadlarni rejalashtirgan. Bu haqda bosh murabbiyi Farruh Zokirov fikrlariga quloq tutdik.

“Farg'onada o'tkazilgan birinchi turda kamida 6 ochko olishimni maqsad qilgandik. Afsuski, bunga erisha olmadik. Ikkinchi turda esa 6 ochko to'play oldik va qo'yilgan vazifani bajarishning uddasidan chiqdik.

- Sizningcha, ikkinchi turda “Neftchi” uchun qaysi jamoaga qarshi bahs qiyin kechdi?
- Menimcha, “Paxtakor” bilan kechgan birinchi o'yin biz uchun qiyin kechdi. Sababi shu kuni bizda ham ko'p vaziyatlar yuzaga keldi. Shogirdlarim esa bulardan foydalana olmadi. Baribir “Paxtakor”ning amaldagi chempion bo'lgani o'z ta’sirini o'tkazdi.

- Jamoada sharoitlar qanday?
- Hozircha yaratilgan sharoitlarimiz yomon emas. Rahbariyat e'tibor qaratmoqda. Biroq sharoitlar sovrinli o'rinlar uchun kurashadigan jamoalardek bo'lishidan umidvormiz.

- Bu yilgi maqsadlar haqida nimalarni ayta olasiz?
- Birinchi ligadan ko'tarilganimiz tufayli elitada jon saqlab qolish vazifasi qo'yilgan. Natijalarimizda ijobiylik kuzatila boshlagani tufayli kuchli oltilikda kurashsak bo'ladi. Ishtaha ovqat paytida keladi deganidek, maqsadlarimiz ham natijalarga qarab o'zgarib boradi.

- Bugungi kunda jamoangiz safida qaysi yigitlarni tajribali deya olasiz?
- Elyor Domlaev va Rashidjon Jabbarov tajribali deya olaman.

- Oliy ligaga yo'llanma qo'lga kiritilganidan so'ng tarkibni kuchaytirish qiyin kechmadimi?
- Tarkibga jalb qilinganlarning barchasi o'zlarini ko'rsatish uchun imkoniyat paydo bo'ldi. Masalan Avazbek Abduvaliev ham havaskor sifatida jamoaga jalb qilindi. Endilikda u futzalchi sifatida o'zini ko'rsatmoqda.

- “Neftchi” 3-tur bahslaridagi raqiblari borasida nimalarni ayta olasiz?
- Oldindan biror nima deyish qiyin. Ammo, o'zimiz uchun kerakli miqdorda ochko ishlab olishimiz mumkin. Deyarli teng kuchga ega jamoalar bilan kurashamiz. Biz bu o'yinlarda ijobiy natijaga erishmoqchimiz.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia