Farhod Bekmurotov: "Nasaf" va "Surxon" bilan o'yinga nisbatan maydon chimi yaxshilangan"

Iskandarov Abdulaziz
24 avg 2023, 11:06
"Andijon" jamoasi Superliganing o'tgan turida o'z maydonida "Olimpik"ni qabul qildi (2:1).

Mazkur uchrashuvdan so'ng "burgutlar"  yarim himoyachisi Farhod Bekmurotov fikrlarini bildirib o'tdi. 


- "Andijon" jamoasi 17-tur doirasidagi navbatdagi uchrashuvini "Olimpik" jamoasiga qarshi o'tkazdi. Ushbu uchrashuv haqida nima deya olasiz?

- "Olimpik" bilan bo'lib o'tgan o'yinni qiyin kechishini oldindan bilgan edik, chunki yosh jamoa may oyidan buyon g'alaba qozona olmayotgan edi. Har bir o'yinda raqiblariga munosib qarshilik ko'rsatishiga qaramasdan jamoa g'alabani qo'lga kirita olishmayapdi. Bu uchrashuvda muhim uch ochkoni qo'lga kiritdik deb o'ylayman.

- Ushbu uchrashuvda g'alaba gollarini kiritgan jamoaning legioner o'yinchilari haqida fikringiz? Ular qanchalik jamoaga moslashib ketishdi?

- Mavsum boshida kelib qo'shilgan albaniyalik forvard Rubin Xebay jamoamizga tez kirishib ketdi va buning ifodasi sifatida chempionatimizning to'purarlik bobida yetakchi o'rinda bormoqda. Ikkinchi davrada qo'shilgan Armin Boshnyak ham yaxshi saviyadagi o'yinchi ekanligi ko'rinib turibdi. Ketma-ket ikki turdan buyon super gollar urib jamoaga muhim bo'lgan ochkoni qo'lga kiritishda yordam berdi.

- “Bobur arena”  maydonining chimi yuqori darajada emasligi o'yinga qanchalik ta’sir ko'rsatmoqda?

- "Nasaf" bilan "Surxon" o'yiniga nisbatan bugun maydon chimi yaxshilanganligi sezilib turdi. Maydon mutaxassislari keyingi uchrashuvlarda yana ham chimning sifati yaxshilanishini aytib o'tdi.

- "Olimpik" jamoasi ustidan g'alaba qozonganligi uchun viloyat hokimi tomonidan berilgan sovg'a o'yinchilar kayfiyatini qay darajada ko'tardi?

- Birinchi navbatda bizga o'z yordamini ayamay kelayotgan viloyat rahbarimizga hamda jamoaning bosh homiysiga futbolchilar nomidan o'z minnatdorchiligimizni bildirib o'tamiz. "Olimpik" jamoasi ustidan qozonilgan g'alabadan keyin shaxsan viloyat hokimi jamoa kayfiyatini ko'tarish maqsadida har bir o'yinchiga so'ngi rusumdagi Iphone 14 Pro smartfonini sovg'a sifatida berdi. O'yinchilarning kayfiyati a'lo darajada.

- "Andijon" jamoasi 18-turda qiyin bo'lgan raqib Farg'onaning "Neftchi" jamoasiga qarshi safarda maydonga tushadi. Bu o'yindan oldingi fikrlaringiz...

- Keyingi turda ajoyib o'yin bo'lishi kutilayotgan vodiy derbisi bo'lib o'tadi. Bu o'yinga ham yaxshi tayyorgarlik ko'rib jamoa rahbarlari va jonkuyar muhlislarimizni xursand qilishga xarakat qilamiz.

- Har bir o'yinda ajoyib atmosfera yaratib berayotgan jamoa muhlislariga tilaklaringiz…

- Jamoamizning muhlislari har bir o'yinga Nodirbek To'ychiev boshchiligida har xil perfomanslar tayyorlab, o'yingox atmosferasini a'lo darajaga olib chiqmoqda. Biz o'yinchilar ham muhlislar uchun xar bir uchrashuvda g'alaba qozonish uchun kurash olib borishimizni ta'kidlab o'tishim mumkin.  


Nodirbek Abdullaev

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: championat.asia