Farg'onada "Neftchi" g'alaba qozonadimi? Olmaliqda nima bo'ladi? - 22-tur oldidan mutaxassis fikri

Iskandarov Abdulaziz
18 sen 2025, 15:33
Bugundan Superliganing 22-tur bellashuvlari boshlanadi.

Ushbu turdan bir emas bir nechta qiziqarli va markaziy qarama-qarshiliklar o'rin olgan. Ushbu uchrashuvlar oldidan sobiq futbolchi Artyom Filiposyan taxminlarini bildirdi. 

"Surxon" - "Mashal"

- Yaxshi va qiziqarli o'yin bo'ladi deb o'ylayman. Bunga sabablar bor albatta. "Surxon" uyda hujumkor o'ynaydi. Ular 3 ta o'yindan buyon g'alaba qozona olmayapti. "Mashal" ham yaxshi jamoa. O'tgan turda "Sho'rtan"dan ustun keldi va ozgina bo'lsa ham ishonch orttirib oldi. Fikrimcha, o'yin durang bilan yakunlansa kerak. 

OKMK - "Bunyodkor"

- Olmaliqda ajoyib o'yin guvohiga aylanamiz. OKMK o'tgan turda 3 ochkoni boy bergandi. Bu jamoa medallar uchun kurashyapti, xuddi shunday "Bunyodkor" ham. O'ylashimcha, muxlislar bu to'qnashuvda ochiq futbol ko'rishadi. Imkoniyatlar 50/50.

"Sho'rtan" - "Paxtakor"

- "Paxtakor"ga qiyin bo'lishi mumkin, chunki "Sho'rtan" Superligada jon saqlab qolishi kerak. Shu bois mehmonlarga oson bo'lmaydi. Ammo yakuniy fikrim "Paxtakor" g'alaba qozonadi.

"Xorazm" - "Qo'qon-1912"

- Ikki jamoa ham turnir jadvalining quyi qismida ketmoqda. "Xorazm" o'z maydonida, muxlislar qarshisida g'alaba qozonganicha yo'q. Bu bellashuvda maydon egalari 3 ochkolik bo'lishadi. 

"Buxoro" - "Navbahor"

- "Buxoro"da yangi murabbiy Aleksandr Xomyakov ish boshladi. Jamoa qanday o'yin ko'rsatishini hali bilmaymiz. "Navbahor" o'tgan turda durang qayd etdi. Taxminimcha, bu safar ham o'yin durang natija bilan yakunlansa kerak. 

"Neftchi" - "Dinamo"

- Ikkita kuchli jamoalar uchrashuvi hisoblanadi. "Dinamo"ning yaxshi va chiroyli o'yin ko'rsatayotganini aytishim mumkin. "Neftchi" ham o'ziga yarasha natija qayd etmoqda. Mezbonlar g'alabani o'ziniki qilsa kerak degan taxmindaman. 

"Andijon" - "So'g'diyona"

- "So'g'diyona" safarda o'ynashiga qaramasdan yaxshi harakat qilmoqda. Ushbu bahsda imkoniyatlar 50/50.

"Qizilqum" - "Nasaf"

- "Qizilqum" Superligada munosib jamoa ekanligini ko'rsatib kelmoqda. Superligada ham mag'lubiyatsiz seriya qayd etdi va o'tgan turda Qo'qon jamoasiga yutqazdi. "Nasaf" yutadi deb o'ylayman. 

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia