Eron futboli chalkash vaziyatda

Xayrulla Xoliqov
23 noya 2018
Shu kunlarda Eron futboli muammolar girdobida qolgan.

Osiyo Kubogi startiga ikki oydan kam vaqt qolgan bir paytda Eron futbolida yuzaga kelgan chalkash vaziyat milliy terma jamoaga ham o'z ta’sirini o'tkazmoqda. Gap shundaki, o'tgan hafta OFK Eron hukumati futbolga aralashgani tufayli federatsiyani rasman ogohlantirdi. Keyinchalik bu hol Eron FFga nisbatan qattiq sankciya qo'llanilishiga olib kelishi mumkin.

Mahalliy matbuot Eron futbol federatsiyasi prezidenti Mehdi Taj va uning atrofidagi bir nechta kishilarga nisbatan jazo qo'llanilishi mumkinligini yozdi. Ma'lum bo'lishicha, terma jamoada pul bilan bog'liq muammolar yuzaga kelgan, shu bois eronliklar kuchli jamoalarga qarshi o'rtoqlik uchrashuvi o'tkaza olishmayapti.

15 noyabr kuni "Ozodi" stadionida bo'lib o'tgan Eron - Trinidad va Tobago o'rtoqlik uchrashuviga atigi 2 ming muxlis tashrif buyurdi. Buni esa Eron futboli uchun juda past ko'rsatkich desa bo'ladi. Eng qizig'i o'yindan keyin ro'y berdi. Bahs nihoyasiga etgach, Karlush Keyrushning yordamchisi Okeano da Kruz jurnalistlardan biriga tashlanib qoldi. Keyrushning o'zi esa matbuot anjumaniga kirmasdan trinidadlik jurnalistga kiyim almashtirish xonasi yonida intervyu berdi.

Natijada jurnalistlar matbuot anjumaniga boykot e'lon qilib zalni tark etishdi. Shunday qilib o'yindan keyingi matbuot anjumani o'tkazilmadi. Xullas, Eron tomonda shunaqa gaplar.


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: tehrantimes.com