"Eng muhimi raqibning nomidan qo'rqmaslik kerak, sizlarda katta salohiyat bor"- eronlik ekspert Portugaliya bilan o'yindan oldin O'zbekiston haqida gapirdi

Iskandarov Abdulaziz
20 iyun 2026, 18:00
Jahon chempionatidagi ikkinchi o'yinimiz Portugaliyaga qarshi.

Raqibning nomi jarangdor, tarkibi esa mahoratli ijrochilardan iborat bo'lishi mumkin, ammo bu ustunlik faqat qog'ozda. Statistika va maqomlar o'yin taqdirini hal qilmaydi.


Saytimiz jurnalisti Abdulaziz Iskandarov Eronning "Mehr.news" nashri jurnalisti, ekspert Mehdi Mortazavian bilan suhbatlashdi va Portugaliya bilan o'yin oldidan fikrlarini oldi.


"Ha, 2018 yilgi Jahon chempionati guruh bosqichida Eron Portugaliyaga qarshi juda dramatik va unutilmas uchrashuv o'tkazgan edi. 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlangan o'sha bahs Eron futboli tarixidagi eng muhim o'yinlardan biri bo'lib qolmoqda, chunki o'shanda biz katta sensaciya yaratishga juda yaqin kelgan edik.

Agar Eron o'sha o'yinda g'alaba qozonganda, o'z tarixida ilk bor pley-off bosqichiga yo'l olgan bo'lardi. Dunyo futbolining eng grand jamoalaridan biriga qarshi haqiqiy tarixiy natija qayd etishimizga bir bahya qolgandi. O'sha uchrashuv Jahon chempionati darajasida har qanday nomdor terma jamoaga, agar raqib tartibli, tashkiliy va ruhiy jihatdan tayyor bo'lsa, jiddiy qarshilik ko'rsatish mumkinligini isbotladi.

Menimcha, bu O'zbekiston uchun eng muhim dars bo'la oladi. Jahon chempionati - kutilmagan sovg'alar taqdim etadigan turnir. Grandlarga qarshi munosib kurashish uchun musobaqada boy tarixga ega bo'lish shart emas. Eng muhimi - o'z kuchiga bo'lgan ishonch, taktik intizom va uchrashuv davomidagi hal qiluvchi vaziyatlardan unumli foydalana bilishdir”,- deydi eronlik ekspert.

photo_2026-06-20_17-56-39.jpg



“Shu sababli ham, O'zbekiston ushbu turnirdagi istalgan yirik jamoaga, hatto Portugaliya kabi nomdor raqibga qarshi ham sensaciya qayd etish salohiyatiga ega deb hisoblayman. O'zbekiston tarkibida istedodli futbolchilar etarli, jamoaning o'ziga bo'lgan ishonchi ortib bormoqda va tarixiy debyut taqdim etayotgan o'zgacha shijoat bor. Bu omillar juda katta kuchga aylanishi mumkin.

O'zbekiston uchun Eronning 2018 yilgi Portugaliyaga qarshi o'yinidan chiqaradigan asosiy xulosasi oddiy: raqibning nomi va obro'sidan cho'chimaslik kerak. Jahon chempionatida agar siz tartibli, o'zingizga ishongan va tayyor bo'lsangiz, har qanday raqib bilan tengma-teng kurasha olasiz",- deydi Mehdi Mortazavian.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia