Dinamo - Nasaf uchrashuvi chiptalari 10 ming so'mdan sotuvga chiqdi

Narzulla Saydullayev
7 mar 2019, 13:09
Yana ikki kundan keyin Samarqandda Superliga-2019 ochilish uchrashuvi “Dinamo” – “Nasaf” o'yini o'tkaziladi.

Bir necha kundan buyon Samarqand shahrining turli chorrahalaridagi 24 ta yirik ekranlar (Sity TV)da “Dinamo” – “Nasaf” o'yini afishasi namoyish etilmoqda. Qolaversa, uchrashuv anonsi “Samarqand TV” orqali ham berilmoqda. Klub singari stadionda ham Superliga bahsiga katta tayyorgarlik ishlari olib bormoqda.

Katta futbol havosini sog'inib qolgan Samarqandda 9 mart, shanba kungi o'yinda o'yingoh muxlislar bilan to'lishi kutilmoqda. Samarqand va Qashqadaryo qo'shni viloyatlarning bosh klublari o'rtasidagi uchrashuv hozirdan muxlislarning katta qiziqishlariga sabab bo'lmoqda. Shanba kuni o'yindan oldin soat 14:30dan boshlab koncert va ko'rgazmali dasturlar, rasmiy ochilish marosimi o'tkazish rejalashtirilgan. Taniqli sanatkorlar kuy-qo'shiqlari bilan muxlislar oldida chiqish qilishadi.

Bugundan boshlab “Dinamo” stadionida 1-tur doirasidagi “Dinamo” – “Nasaf” o'yini chiptalari sotuvga chiqdi. Chiptalar 10 ming so'mdan sotilmoqda. O'yin kuni stadion kassalarida chiptalarga navbat katta bo'lishi mumkinligi bois, imkonqadar chiptalarni hozirdan ham sotib olish mumkin.

Eslatib o'tamiz, “Dinamo” – “Nasaf” uchrashuvi 9 mart kuni soat 16:00da boshlanadi.

9 mart (shanba)
Superliga. 1-tur.
DINAMO - NASAF
Samarqand, “Dinamo” stadioni.
O'yin vaqti
: 16:00
Chipta narxi: 10 000 so'm.


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: “Динамо” клуби матбуот хизмати