Davronbek Karimov: "Muxlislar keyingi mavsumda boshqacha “Norin”ni ko'rishadi"

Narzulla Saydullayev
8 noya 2018
Pro-Liga 34-turidan o'rin olgan “Istiqlol” - “Norin” (2:0) uchrashuvidan so'ng “Norin” klubi rahbari Davronbek Karimov “championat.asia” saytiga intervyu berdi.

Mavsum boshida bizda jamoamizni Superligaga olib chiqish vazifasi qo'yilgan edi. Dastlabki davrada jamoamizga Vali Keldiev murabbiylik qilgan bo'lsa, davralar oralig'ida jamoamizga yangi bosh murabbiy – Rustam Do'rmonovni tayinladik.

Mavsum biz uchun og'ir kechdi. Bilasizlar, Pro-Liga “A” guruhida o'z oldiga yuqori maqsadlarni qo'ygan jamoalar ishtirok etadi. “Norin” jamoasi tashkil etilganiga ko'p bo'lgani yo'q, jamoamiz shakllanishda davom etmoqda. Nasib etsa kelasi mavsumda yorqinroq o'yin ko'rsatib, muxlislarimizni xursand qilamiz degan umiddaman.

Pro-Liga “A” guruhida ishtirok etayotgan “Surxon”, “Dinamo”, “Mashal”, “Andijon” kabi o'z oldiga yuqori maqsadlarni qo'yib kelayotgan klublarga omad tilayman. Umuman olganda bizga bu kabi jamoalar bilan uchrashuvlar o'tkazish yanada ko'proq tajriba to'plashimizga olib keldi, “A” guruhidagi ishtirokimiz uchun O'zbekiston PFLga minnatdorchilik bildiramiz. Keyingi mavsumdan albatta o'yinimiz kuchayadi, muxlislar boshqacha “Norin”ni ko'rishadi.

Jamaoamiz futbolchilari mavsum davomida jarohatlar olishdi. “Surxon” jamoasi bilan bo'lgan uchrashuvda jamoamizda asosan yosh futbolchilar harakat qilishdi. “Xorazm” jamoasi biz uchun noqulay hisoblanadi, shu jamoa bilan o'yinda xoh safarda, xoh uyda bo'lsin, g'alaba qozonishimiz qiyin bo'layapti. Jamoamiz oldida maqsad o'zgarmaydi, qaysi jamoaga qarshi maydonga tushmaylik, bizda maqsad faqat g'alaba bo'ladi.        

Bekzod Tolibov yozib oldi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia