

Murabbiylar shtabi yig'inning oltinchi kunida futbolchilarni ertalab trenajer zalida shug'ullantirgan bo'lsa, tushdan so'ng tiklanish uchun sauna va basseynga taklif qilishdi. Bir kun avval o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazilgani hisobiga yig'inning oltinchi kuni biroz engil o'tdi.
Bugun jamoa odatdagidek ikki mahal mashg'ulot o'tkazdi. Har ikkala mashg'ulot ham maydonda olib borildi. Ertalabki mashg'ulotlarda ham, tushdan keyingi mashg'ulotning ma'lum qismida ham yigitlarga jismoniy yuklamalar berildi. Asosiy qismida esa, odatdagidek to'p bilan ishlandi. Xursand qiladigan xabar shuki, Islomjon Qobilov bugundan e'tiboran umumiy guruhda shug'ullanishni boshladi, Smolevichiga qarshi bahsda jarohat olgan Suhrob Izzatov esa, yakka tartibda engil tarzda yugurishga kirishdi.
Jamoa 22 iyul kuni tushdan keyin Toshkentga qaytadi. Rejaga ko'ra, yig'inning so'nggi uch kunida uchta o'rtoqlik uchrashuvi o'tkaziladi. 19 iyul kuni BATE jamoasi o'rinbosarlariga qarshi o'ynasak, ertasi kuni Belorus chempionati oliy ligasi vakili Dnepr bilan kuch sinashadi. Yig'in doirasidagi so'nggi o'yin Rossiyaning Smolensk klubi bilan bo'ladi. Shu uch o'yindan so'ng murabbiylar shtabi ko'rikda bo'lib turgan hujumchi, vinger Muhammad Diallo borasidagi oxirgi qarorga kelishadi.








