"Bunyodkor" mashg'ulotidan reportaj: Ikromov qaytish arafasida+Davronjon Ergashev bilan intervyu

Iskandarov Abdulaziz
13 sen 2022, 12:15
Ivan Boshkovich boshchiligida "Bunyodkor" jamoasi "Olimpik" bilan uchrashuvga tayyorgarlikni davom ettirmoqda.

Kecha "qaldirg'ochlar" yangi murabbiy qo'l ostidagi uchinchi kun mashg'ulotlarini o'tkazishdi. Asosiy e'tibor avvalgi uchrashuvlarda yo'l qo'yilgan xatolarni to'g'rilashga, to'p bilan ishlashga qaratildi. Xursand qiladigan yangilik shuki, roppa-rosa bir yil oldin safdan chiqqan Farruh Ikromov umumiy guruh mashg'ulotlarida qatnashmoqda. Demak tez orada uni yana yashil maydonda ko'rishimiz ehtimoli yo'q emas. Tezkor vingerga yana avvalgi sport formasiga qaytishiga tilakdoshmiz. 


Jamoa sardori Davronjon Ergashev oldindagi bahsga hozirlik, salbiy natijalar va murabbiylar o'zgarishiga o'z munosabatini bildirdi. 


"Olimpik"ga qarshi kechgan birinchi davradagi uchrashuvni yodga oladigan bo'lsam, o'shanda biz noto'g'ri yondoshganmiz. Balki raqibga to'g'ri baho bermagan bo'lishimiz mumkin. Bu o'yinga qadar ular g'alaba qozonmagandi. O'ylaymanki, o'tgan safargi mag'lubiyat tasodif ekanligini isbotlashga harakat qilamiz",- deydi Davronjon Ergashev. 

- Jamoa sardori va yetakchisi sifatida murabbiylar o'zgarishining natijaga qanchalik ta’sir qilayotganini ayta olasizmi?

- Shuhrat Maqsudov ham, Viktor Karpenko ham yomon murabbiylar emasdi. Endi maydonda biz futbolchilar o'ynaymiz-ku. Mag'lubiyatda murabbiylarni ham ayblaverish noto'g'ri. O'yinchilarni ko'rish kerak. Boshkovich ish boshladi. Qisqa vaqtda uning ko'rsatmalarini tushunishimiz talab etiladi. Mavsum yakunida hammasi ijobiy tugaydi, degan umiddaman. 

- "Bunyodkor"da hech qanday maqsad qolmadi desak bo'ladimi? 

-  Nega ekan? Professional futbolchi har bir o'yinda borini beradi, g'alaba uchun kurashadi. Rasmiyatchilik uchun o'ynamaymiz. Barchasi o'z qo'limizda qolgan. Yilni munosib tugatishimiz kerak, tamom. 

- Jamoada ichki muhit o'zgarganmi?

- Bu yil muhit juda yaxshi. Avvalgi murabbiylar davrida ham jamoamizdagilarning bir-biriga ishonchi katta edi. Hozir ham shunday. Faqat so'nggi paytlardagi mag'lubiyatlar ruhiy tomondan zarba bo'ldi. 

- Kubok va chempionlik yo'lida kimni imkoniyatini yuqori baholaysiz?

- Yuqori o'rinlar uchun kurashayotgan barchada imkoniyat bor. Kuchli jamoa chempion bo'lsin. Omadga ham kup narsa bog'liq. 

Abdulaziz Iskandarov

Foto: "Bunyodkor" matbuot xizmati

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: championat.asia