"Bunyodkor" dastlabki o'yinda "Buriram"ga yutqazib qo'ydi

Narzulla Saydullayev
15 may 2013, 11:00
Tailandda noqulay ob-havo va yuqori namlik bo'lishiga qaramasdan, “Bunyodkor” a'zolari raqib maydonida yaxshi o'yin namoyish etishdi.
Uchrashuvni dastlabki daqiqalarida to'pni “Bunyodkor” vakillari nazorat qilib turishdi. Biroq bir-ikki vaziyatda amalga oshirilgan standartlar himoya chizig'imizda pala-partishlik yuzaga kelishiga olib keldi. 17-daqiqada jarima maydonchamiz tomon oshirilgan pasni Anavin Jujin boshi bilan darvozaga to'g'rilab, uchrashuvdagi hisobni ochdi – 1:0.

Shundan so'ng, mezbonlarda yana bir imkoniyat yuzaga keldi. Biroq bu safar Murodjon Zuxurov zarbani qaytarishga erishdi.

Fozil Musaev oyog'ida og'riq seza boshlagach, Mirjalol Qosimov uning o'rniga Igor Taranni maydonga tushirdi. Taranning safga qo'shilishi jamoamiz uchun omadli bo'ldi. Birinchi bo'limga hakam tomonidan qo'shib berilgan daqiqada Jasur Hasanov standart vaziyatidan to'pni darvoza tomon yo'lladi. Bu vaziyatda to'pni “Buriram Yunayted” posboni Sivaruk Tedsungnoen qaytarib yubordi. Uni qabul qilib olgan Lutfulla To'raev shu zahotiyoq bo'sh turgan Taranni topdi. Igor esa havolatib oshirilgan pasni to'ppa-to'g'ri darvozaga yo'llab, hisobni tenglashtirdi – 1:1.

Raqibga g'alaba keltirgan ikkinchi gol ham aynan standart vaziyatidan kiritildi. Bu safar ham Ziraton Bunmatxan tomonidan oshirilgan pasni  Ekkachay Sumrey boshi bilan Zuxurov darvozasining olis burchagiga to'g'rilab, hisobni 2:1 ko'rinishiga keltirdi.

Qolgan daqiqalarda bunyodkorchilar har qancha urinishmasin, hisobni tenglashtirishni uddalay olmadilar.

Shu tariqa, barcha masalaga oydinlik javob uchrashuvida kiritiladi. Ushbu juftlik g'olibi 21 may kuni “Bunyodkor” stadionida soat 19:00da boshlanadigan bahsda aniqlanadi.

“BURIRAM YUNAYTED” – “BUNYODKOR” 2:1 (0:0)
Hakamlar: Benjamin Jon Vilyams, Mettyu Jeyms, Anaz Xakan, Ma Ning (barchasi – Avstraliya)

Gollar
: Anavin Jujin 17 (1:0), Igor Taran 45+1 (1:1), Ekkachay Sumrey 76 (2:1)

Ogohlantirishlar:
Surat Shuxa 25, Ziraton Bunmatxan 56, Igor Taran 80, Xayrulla Karimov 85

“BURIRAM YUNAYTED”: 1.Sivaruk Tedsungnoen, 2.Ziraton Bunmatxan, 3.Pratxum Chutxong, 5.Osmar Barba, 6.Tanasak Srisay, 13.Jiravat Makarom, 15.Surat Shuxa (11.Ekkachay Sumrey 70), 17.Anavin Jujin, 19.Kay Xirano (16.Suria Domtaysong 60), 22.Adisak Kraysorn (32.Denis Bushening 90+3), 25.Suri Shuxa
 
“BUNYODKOR”: 25.Murodjon Zuxurov, 4.Xayrulla Karimov, 6.Anvar G'ofurov, 7.Marko Blajich (14.Alibobo Rahmatullaev 78), 8.Javlon Ibroximov, 13.Lutfulla To'raev, 16.Artyom Filiposyan, 17.Kamoliddin Murzoev (11.Oleksandr Pishur 73), 18.Fozil Musaev (9.Igor Taran 39), 19.Jasur Hasanov, 33.Oleg Zoteev

Narzulla SaydullayevMuallif