Bugun Yevropada transfer oynasi yopiladi: eng ko'p kutilayotgan kelishuvlar haqida

Omonjon To`xtamirzayev
5 okt 2020, 15:32
Bugun barchasini rasmiylashtirishga ulgurishadimi?

Joau Mariu – "Inter"dan "PSJ"ga

Yevropa chempioni yana "Inter"ga keragi bo'lmay qoldi. "Neradzurri" yarim himoyachi uchun – 18 mln evro so'ragandi. "Inter" moskvalik "temiryo'lchilar"dan ham aynan shuncha so'ragandi. Qiziq jihati, Transfermarkt ma'lumotlariga ko'ra, futbolchining transfer narxi 13 mln evro.

"Lokomotiv" futbolchini sotib olmoqchi edi, ammo narx sabab muzokaralardan chiqdi, Joau esa "Inter"ga qaytdi. Mariu Fransiyaga "Marsel"ga o'tishi haqida gaplar tarqalgandi, ammo yakunda futbolchi mamlakatning boshqa bir jamoasi tarkibiga borib qo'shildi – PSJ. Ammo hozircha bu to'liq transfermi yoki ijara aniq emas. Joau faqatgina tibbiy tekshiruvdan o'tsa bo'ldi, shundan so'ng tomonlar shartnomani imzolaydi.


Erik Shupo-Moting – "Bavariya"ga (erkin agent sifatida)

Kamerunlik ko'pchilik uchun kutilmaganda o'tgan YCHL qaxramonlaridan biriga aylandi – u bo'lmaganida PSJ finalgacha yetib borishi mushkul bo'lardi. Aynan Shupo-Moting chorak finalda "Atalanta" darvozasiga hal qiluvchi gol bo'ldi. Umuman olganda, Erik juda kam o'ynadi: bor yo'g'i 20 o'yin, ulardan faqatgina 8tasi asosiy tarkibda.

PSJ Shupo-Moting bilan kelishuvni uzaytirishni istamadi. Endi kamerunlik joker katta ehtimol bilan "Bavariya"ga yo'l oladi. Nemis hamda francuz OAVining xabarlariga ko'ra, Erik myunxenliklar bilan ikki yillik shartnoma imzolaydi. Avvalroq futbolchi Germaniyada "Shalke-04", "Maync", "Gamburg" va "Nyurnberg" safida to'p tepgan.


Temue Bakayoko – "Chelsi"dan "Napoli"ga

Fransiyalik futbolchining "Chelsi"dagi faoliyati o'xshamadi. Ikki marta ijarga berib yuborildi – "Milan" va "Monako". Bakayoko unchalik yomon harakat qilmadi, ammo "aristokratlar" rahbariyatini baribir kerakligiga ishontira olmadi. Temue yana ijaraga yo'l oldi, bu safar "Napoli"ga. Aytishlaricha, Bakayokoni jamoada Jennaro Gattuzoning o'zi ko'rishni istagan. Ikki yil avval ular "Milan"da hamkorlik qilishgandi.


Edinson Kavani – "Manchester Yunayted"ga (erkin agent sifatida)

Urugvaylik forvard uzoq vaqt davomida o'ziga yangi jamoa izladi. PSJ safida harakat qilayotgandayoq Kavani "Atletiko", "Roma" va "Chelsi" bilan muzokaralar olib borgandi. 2020 yil yozida Parij shahrini tark etgach, Kavani "Benfika"ga qo'shilishi mumkin edi, lekin Portugaliya klubi futbolchi maoshini to'lay olmasligini ma'lum qildi. Hozir Edinson "Manchester Yunayted"ga o'tish arafasida turibdi. Ma'lumotni futbolchi agenti Uolter Gulelmone tasdiqladi. "Bu haqiqat. Bizda "MYU" bilan kelishuv mavjud", – dedi u Inside Futbol agentligiga. Yaqin vaqtlar ichida bu transfer haqida ham rasman ma'lum qilinishi kutilmoqda. 


Jastin Klyuyvert – "Roma"dan "RB Leyptsig"ga

Afsonaviy Patrik Klyuyvertnin o'g'li Italiyaning "Roma" jamoasi asosiy tarkibidagi joyini yo'qotib qo'ydi. Bu mavsum Jastin maydonda ikki bor zaxiradan tushdi va bor yo'g'i 18 daqiqa harakat qildi. "Yuventus" bilan uchrashuvda u zaxira o'rindig'ida qolib ketdi. O'yin amalayotiga ega bo'lishi uchun kichik Klyuyvert "RB Leyptsig"ga yo'l olmoqda. Germaniya klubi yosh iqtidorlar bilan ishlashni yaxshi ko'radi, yaxshi biladi. Italiyalik jurnalist Fabricio Romano xabar berishicha, gollandiyalik futbolchi bir mavsumga ijaraga yo'l oladi. "RB Leycpig" futbolchini sotib olish huquqiga ega bo'ladi.


Mario Gyotce – "Gerta"ga (erkin agent sifatida)

Nemis nashri Bild"ning xabariga ko'ra, Gyotce "Gerta"ga o'tishga yaqin turibdi. Berlin klubi anchadan buyon Marioga qiziqish bildirmoqda. Endi futbolchi erkin agentga aylanganda muzokaralar boshlandi. "Gerta" bosh murabbiyi Bruno Labbadia futbolchi bilan transfer borasida suhbatlashgan. Ammo Marioning maoshi muammo bo'lishi mumkin: "Borussiya"da u yiliga taxminan 10 mln evro maosh olardi, berlinliklar esa ikki barobar kam maosh bera oladi. Gyotceni "Bavariya" ham qaytarishni istagandi, aniqrog'i uning bosh murabbiyi Xans-Diter Flik. Biroq mutaxassis fikri rahbariyat tomonidan qo'llab-quvvatlanmadi. Endi Marioda faoliyatini davom ettirish uchun variantlar unchalik ko'p emas. 


Barcha savollarga javob topish uchun yana bir necha soat sabr qilsa etarli. Ko'ramiz, kuzatamiz.


Nozima Zaripova tarjimasi

O'xshash yangiliklar


Omonjon To`xtamirzayevMuallif
Manba: championat.asia