

Yangi mavsumdan UEFA Evrokuboklar formatini o'zgartirishga qaror qildi. Eng katta o'zgarish biz o'rganib qolgan guruh bosqichi o'rniga liga bosqichining tashkil qilingani bo'ldi. Quyida YCHLning yangi formati va bugun bo'ladigan qur'a haqida so'z boradi.
Liga bosqichi
UEFA Yevropa chempionlar ligasining yangi formatini e'lon qilgandi. Musobaqada ushbu mavsumdan boshlab 36 ta jamoa ishtirok etadi (avvallari 32 ta jamoa edi). Biz o'rganib qolgan guruh bosqichi o'yinlari o'tmishda qoldi. Ushbu mavsumdan boshlab YCHL musobaqasi endi liga bosqichidan boshlanadi. Liga bosqichida barcha jamoalar bitta jadvalda joylashishadi. Yangi tizimga ko'ra har bir jamoa liga bosqichida sakkizta turli xil raqibga qarshi maydonga chiqadi. Jamoalar sakkizta o'yinning to'rttasi mehmonda, qolgan to'rttasi esa o'z uylarida o'tkazishadi. Raqiblar va o'yinlarning qayerda o'tkazilishi maxsus qur'a orqali aniqlanadi. Bu haqida biroz keyinroq.
Pley-off bosqichiga kimlar yo'llanma oladi?
- Liga bosqichida eng yuqori o'rinni egallagan sakkizta jamoa to'g'ridan-to'g'ri YCHL nimchorak final bosqichiga yo'l oladi.
- 9-16 o'rinni egallagan jamoalar nimchorak final yo'llanmasi uchun 17-24 o'rinni egallagan klublarga qarshi to'qnash keladi. Bu bahslar ikkita o'yindan iborat bo'ladi va 9-16 o'rinni egallagan jamoalar javob bahsini o'z uylarida o'tkazishadi. Sakkizta g'olib nimchorak finalga yo'l oladi. Bu jamoalarning raqiblari Liga bosqichida dastlabki sakkizta o'rinni egallagan klublar bo'ladi.
- 25-36 o'rinni egallagan jamoalar YCHLni tark etishadi. Bu jamoalarga Yevropa Ligasida ishtirok etish imkoniyati berilmaydi.
Nimchorak final bosqichidan musobaqa ananaviy tarzda davom ettiriladi.
Qur'a mexanizmi
36 ta jamoa UEFA reytingidagi o'rniga qarab 9 tadan to'rtta savatga bo'linadi. Har bir tanlangan sharcha ichidagi klubga maxsus kompyuter 8 ta raqibni aniqlab beradi. Qur'a birinchi savatdan (kuchliroq klublardan) boshlanadi. Birinchi savatchadagi 9 ta kuchliroq klub o'zining sakkiz nafar raqibini birinchi bo'lib bilib oladi. Zamonaviy texnologiya uy va safar o'yinlarini ham o'zi belgilab beradi.
Jamoalar qaysi savatda joylashganini qo'yida ko'rishingiz mumkin:

Qur'a jarayonida quyidagi qoidalarga amal qilinadi:
1. Har bir jamoa bitta savatdan ikkitadan raqibga qarshi to'qnash keladi. Bir savatdan bo'lgan raqiblarning bittasi bilan uyda, ikkinchisi bilan safarda o'yin o'tkaziladi.
2. Bir mamlakat jamoalari o'zaro to'qnash kelishmaydi.
3. Bitta mamlakatdan ko'pi bilan ikkita raqib bo'lishi mumkin.
Maxsus kompyuter quyidalarni kafolatlaydi:
1. Dasturiy taminot qur'a to'liq tasodifiy ravishda o'tishini kafolatlaydi.
2. Kompyuter qur'a qoidalariga to'liq amal qiladi (bitta davlat vakilini o'zaro to'qnashmasligi, bir mamlakatdan ko'pi bilan ikkita raqib)
3. Qur'a boshi berk ko'chaga kirib qolmaydi.
Jamoalar qur'a natijalarini marosim yakunida bilib olishadi. Biroq, o'yinlar sanasi va boshlanish vaqti taqvimdagi muammolarni oldini olish maqsadida 31 avgust kuni e'lon qilinadi.
Eslatib o'tamiz, liga bosqichiga qur'a tashlash marosimi Toshkent vaqti bilan 21:00 ga belgilangan. Jarayon tarixda birinchi marta kompyuter ishtirokida amalga oshiriladi.



