Bugun APLda “qaynoq” o'yin bor. “Arsenal” mavsumdagi yagona mag'lubiyatini “qizil iblislar”dan qabul qilgan

Eldor Akmurzayev
22 yanv 2023, 09:20
Bugun, 22 yanvar kuni Angliya chempionati 21-tur bahslari davom etadi.

Turning eng markaziy uchrashuvi Londonda “Arsenal” hamda “Manchester Yunayted” o'rtasida bo'lib o'tadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 21:30 da start oladi. Uni Entoni Teylor boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib boradi.

“To'pchilar” APL joriy mavsumidagi yagona mag'lubiyatini (1:3) ilk davrada “Old Trafford”da aynan “qizil iblislar”dan qabul qilib olgandi. O'sha uchrashuvda Antoni hisobni ochgan, Markus Reshford dublga erishgandi. Londonliklar safida esa Bukayo Saka yagona aniq zarba muallifiga aylangan.

Jarohat tufayli o'yinni o'tkazib yuboradiganlar:

“Arsenal”: Gabriel Jezus, Rayss Nelson;

So'roq ostida: Muhammad El Nenni.

MYU: Donni Van de Bek, Meyson Grinvud, Diogu Dalot, Kazemiro, Jeydon Sancho, Aksel Tuanzebe;

So'roq ostida: Antoni Marsyal.

Mikel Arteta shogirdlari chempionatda 12 o'yindan beri yutqazmayapti. Erik ten Xag boshqaruvidagi jamoa esa APLdagi oxirgi mag'lubiyatini 6 noyabr kuni safarda “Aston Villa”dan (1:3) qabul qilib olgan. Shundan beri manchesterliklar ligadagi 6 uchrashuvda yutqazmadi.

“Arsenal” va “Manchester Yunayted” shu vaqtgacha o'zaro barcha musobaqalarda o'zaro 238 marta to'qnash kelgan. 86 g'alaba “to'pchilar”da, 99 tasi esa “qizil iblislar” tomonida bo'lsa, qolgan 53 uchrashuvda murosa yo'li tanlangan. To'plar farqidagi ustunlik ham MYU tomonida: 361 ga 337.

@angliyafutboli kanaliga obuna bo'ling!

O'xshash yangiliklar


Eldor AkmurzayevMuallif
Manba: Championat.asia