"Borussiya"ni kim boshqaradi?

4 may 2018, 16:20
"Borussiya" jamoasi bosh murabbiyi Peter Shtyoger Dortmunddagi kelajagi katta so'roq ostida turibdi.

Dortmund klubi rahbariyati jamoa ko'rsatayotgan o'yindan qoniqmayapti. Shu boisdan ham Peter Shtyogerning kelasi mavsumda jamoa rulida qolishi ehtimoli juda kam.

Garchi jamoa chempionat yakunlanishiga 2 tur qolganida deyarli YCHL yo'llanmasini hal etgan bo'lsada, rahbariyat jamoaga yangi murabbiy olib kelish taraddudini boshlagan.

Rahbariyat jamoaning oxirgi yillarda yo'qotilgan imiji va statusini tiklamoqchi. Tomas Tuxel va bir qator yetakchi futbolchilarning jamoadan ketgani "Borussiya"ning o'yini va natijalariga keskin ta’sir qilgani aytilmoqda.

Ayni paytda "Borussiya" Dortmundni boshqarish uchun ikkita nomzod ko'rsatilmoqda. Biri Bundesliga uchun begona bo'lmagan shveytsariyalik Lyusen Favr. Ikkinchisi portugaliyalik mutaxassis Villash-Boash.

Lyusen Favr o'z vaqtida Myonxengladbaxning "Borussiya" jamoasini muvaffaqiyatli boshqargan va jamoani evrokuboklarga olib chiqqandi. Aynan Favrning qo'l ostida Marko Roys "Borussiya"da porlab chiqqan. Shuningdek, ushbu mutaxassis taktik juda kuchli va hujumkor futbol namoyish etishni xush ko'radi. Tajovuzkor futbol taradori bo'lgan Favr ayni paytda "Nicca" jamoasi bosh murabbiyi hisoblanadi. Ammo mutaxassisning fikricha, Favr allaqachon "Bavariya" yoki "Borussiya" Dortmund kabi yuqori darajadagi jamoalarda ishlashga tayyor.

Ikkinchi nomzod sifatida qaralayotgan Andre Villash-Boashning oxirgi jamoasi Xitoyning "Shanxay SIPG" bo'lgandi. Villash-Boash allaqachon dortmundliklar bilan aloqaga chiqqan va "Borussiya"da ishlash istagida.

"Borussiya" klubi rahbariyati esa mavsum yakunlangach aniq bir to'xtamga kelishi kutilmoqda.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia