
Unda muxlislar bir qator qiziqarli bahslarga guvoh bo'ldi. Mazkur ortda qolgan tur o'yinlarining e'tiborga molik jihatlariga to'xtalib o'tamiz.
“ANDIJON” HAM OLIY LIGA YO'LLANMASINI DEYARLI HAL QILDI
Tan olish kerak, oli y ligaga bu yil “Mashal” bilan “Andijon”ni yo'l olishi mavsum avvalidayoq ma'lum edi. Mana bugunga kelib tahminlar o'zini oqlaganiga guvoh bo'lmoqdamiz. Chempionatni nisbatan katta ustunlik bilan o'tkazgan Muborakning “Mashal” jamoasi ushbu turda yirik g'alabaga erishib, oliy liga yo'llanmasini rasmiylashtirdi. Uning ortidan taqib etishda davom etayotgan “Andijon”ni ham deyarli elita debyutanti qatoriga qo'shsak bo'laveradi. Bugun andijonliklar o'z maydonida g'alaba qozona olsa, rasman keyingi yil oliy ligada o'ynash huquqiga ega bo'ladi. Qolgan jamoalar esa asosan o'rtamiyona o'rinlar uchun o'zaro kuch sinashish bilan ovora. 3-o'rin egasi ham aniq bo'ldi chog'i. Sababi ushbu pog'ona uchun kurashayotgan “Qo'qon-1912” asosiy taqibchisi bo'lmish “Zarafshon-PFK”ni maydonida durang bilan (1:1) qaytishga erishdi. Ochkolar hisobiga ham qo'qonliklar 2 ochko oldinda bormoqda.
5-o'ringa bo'lgan kurash esa “Spartak” va “Xorazm” jamoalari ishtirokida kechadiganga o'xshaydi. Ayni paytga kelib, ushbu jamoalar o'rtasidagi ochkolar farqi 2tani tashkil etmoqda. Urganchliklar ikkinchi bosqichni nisbatan yaxshi o'tkazishmoqda. Shu bois ham ularning turnir jadvalidagi mavqei biroz yuqoriladi. “Spartak”da esa birinchi bosqichdagi shijoat ko'rinmayapti.
Xalqimizda yaxshi ot keyin chopadi degan gap bor. Buni hozirda Nukusning “Orol” jamoasiga nisbatan ishlatish mumkin. Boisi jamoa futbolchilari yuzaga kelgan moliyaviy muammolarga qaramay, oxirgi ikki turni g'alaba bilan yakunlashga erishdi va bu bilan ular muxlislarga o'zlarini professional ekanligini isbotlab qo'yishdi.
23TA GOL. 6TA PENALTI. 3TA DUBL. 1TA AVTOGOL
Ortda qolgan turning 8ta o'yinida muxlislar jami 23ta golga guvoh bo'ldi. Qayd etilgan gollarning 13tasi birinchi taymda kiritilgan bo'lsa, qolgan 10ta to'p ikkinchi bo'limda urilgan.
Mezbonlar 15ta to'p kiritishgan bo'lsa, mehmon jamoalar hisobiga 8ta gol yozildi.
12-turning eng tezkor goli, 6-daqiqaga to'g'ri keldi. “Zarafshon-PFK” a'zosi Ulug'bek Rahmonov ushbu daqiqada “Qo'qon-1912” darvozasini aniq nishonga ola bildi.
Turning eng so'nggi golini esa 90+3-daqiqada “Andijon” yarim himoyachisi Alisher To'xtasinov kiritdi.
Ushbu turda hakamlar darvozalar tomon jami 6ta penalti belgilashga qaror qildi. Undan to'rttasi aniq bajarilgan bo'lsa, qolgan yana 2tasi noaniq tepilgan. Islom Seytnazarov (“Orol”), Sardor Soibov (“Andijon”), Jamshid Hasanov (“Mashal”), “Suhrob Qobilov (“Spartak”) 11 metrlik nuqtadan adashmaganlar qatoridan joy oldi. Viktor Klishin (“Mashal”) va Timur Bekchanov (“Alanga”) dan esa bu borada omad yuz o'girdi.
12-turda atiga bitta avtogol sodir bo'ldi. “Zarafshon-PFK” futbolchisi A.Ro'ziqulov jamoasining “Qo'qon-1912”ga qarshi kechgan o'yinida o'z darvozasiga to'p kiritib yubordi. Bu esa navoiyliklarning tayyor g'alabasini durangga aylantirdi.
Shuningdek mazkur turda uchta futbolchi dublga erishdi. E'tiborlisi bitta o'yinda ikkita dubl kuzatildi. Yani “Spartak” – “Chust-Paxtakor” bahsida mezbonlarning iqtidorli hujumchisi Islombek Isoqjonov chustliklardan esa tinib-tinchimas Nizom Norov o'z hisobiga ikkitadan gol yozib qo'ydi. Bundan tashqari Sardor Soibov (“Andijon”) ham “Registon” darvozasini ikki bor aniq nishonga ola bildi.
35TA SARIQ VA 2TA QIZIL KARTOCHKA
Ushbu turda hakamlar futbolchilarni ortiqcha ayab o'tirmadi. Buni qayd etilgan 35ta sariq kartochkadan ham bilib olish mumkin.
Uchrashuvlarning birinchi bo'limida 14ta futbolchi hakam tomonidan sariq kartochka bilan siylangan bo'lsa, ikkinchi taymda yana 21ta o'yinchiga sariq ko'rsatildi. Bundan ko'rinib turibdiki, o'yinlarning ikkinchi qismi keskin-kurashlarga boy tarzda kechgan. Xususan “Sherdor” – “Oq-tepa” bahsida qayd etilgan 6ta sariq kartochkaning barchasi ikkinchi taymda sodir bo'lgan.
“Registon” – “Andijon” va “Zarafshon-PFK” – “Qo'qon-1912” o'yinlari nisbatan turning qo'pol o'yinlari sifatida tarixda qoladigan bo'ldi. Boisi mazkur uchrashuvlarni boshqarib borgan hakamlar futbolchilarga jami 7tadan sariq kartochka ko'rsatgan.
“Chust-Paxtakor” bilan “Mashal” futbolchilari esa hech qanday kartochka olmagani bilan boshqalarga o'rnak bo'ldi deyish mumkin.
12-turning dastlabki sariq kartochkasi 9-daqiqaga to'g'ri kelib, u “NBU-Osiyo” futbolchisi Farruh Miryunusovga ko'rsatildi.
Turning eng so'nggi sariq kartochkasi esa 90+2-daqiqada “Spartak” a'zosi Doston Shabanovga berildi.
Shuningdek mazkur turda ikkita qizil kartochka qayd etildi. Uning ikkisi ham bir o'yinda, bitta jamoa futbolchilariga nisbatan ko'rsatilgan. “Istiqlol” futbolchilari yarim himoyachi Obid Hakimov (22-daqiqada) va darvozabon Anvar Nazarov (76-daqiqada) hakam tomonidan chetlatilgan. Bu esa toshkentliklarni yakunda mag'lubiyatga olib keldi. Darvoqe, “Istiqlol”ning ikkala darvozaboni ham bugungi tur o'yinini diskvalifikaciya tufayli o'tkazib yuborishga majbur. Shu bois bugun jamoaning “Spartak”ka qarshi kechadigan o'yinida darvozani kim qo'riqlar ekan degan savol ko'pchilikni o'ylantirayotgan bo'lsa ajab emas.
8TA O'YINGA 6478 NAFAR TOMOSHABIN!
12-tur o'yinlariga tashrif buyurgan tomoshabinlar sonini hisoblasak, umumiy 8ta uchrashuvga jami 6478ta ishqiboz kirganiga guvoh bo'lamiz. Bu har bahsga o'rtacha 809,75tadan tomoshabin demakdir! Aslida bu biroz ko'paytirib yuborilgan varianti. Agarda rostmona aytadigan bo'lsak, tribunadagi tomoshabinlarni bemalol barmoq bilan adashmasdan sanab chiqa olish mumkin. Lekin nima bo'lganda ham PFL rasmiy saytidagi faktlar gapiradi baribir.
Kosonda kechgan “Alanga” – “Paxtakor-2” bahsiga esa atiga 159ta tomoshabin kirgani uchrashuv qaydnomasida ko'rsatib o'tilgan.
Muxlislar mehri kimda qanday?
Orol – Istiqlol. Nukus. 427 tomoshabin.
Xorazm – NBU-Osiyo.Urganch. 1719 tomoshabin.
Registon – Andijon.Samarqand. 327 tomoshabin.
Zarafshon-PFK – Qo'qon-1912. Navoiy. 3245 tomoshabin.
Mashal – Kosonsoy. Muborak. 216 tomoshabin.
Spartak – Chust-Paxtakor.Buxoro. 172 tomoshabin.
Alanga – Paxtakor-2. Koson. 159 tomoshabin.
Sherdor – Oq-tepa. Samarqand. 213 tomoshabin.
12-TURDANKEYINGI VAZIYAT
1 | MASH'AL (Muborak) | 26 | 21 | 3 | 2 | 69-14 | 66 |
2 | ANDIJON (Andijon) | 26 | 19 | 2 | 5 | 63-23 | 59 |
3 | QO'QON-1912 (Qo'qon) | 26 | 15 | 5 | 6 | 41-27 | 50 |
4 | ZARAFSHON-PFK (Navoiy) | 26 | 14 | 6 | 6 | 44-32 | 48 |
5 | SPARTAK (Buxoro) | 26 | 13 | 3 | 10 | 46-38 | 42 |
6 | XORAZM (Urganch) | 26 | 12 | 4 | 10 | 37-31 | 40 |
7 | NBU-OSIYO (Toshkent) | 26 | 11 | 3 | 12 | 34-34 | 36 |
8 | CHUST-PAXTAKOR (Chust) | 26 | 11 | 3 | 12 | 34-44 | 36 |
9 | OK-TEPA (Toshkent) | 26 | 9 | 7 | 10 | 35-40 | 34 |
10 | SHERDOR (Samarkand) | 26 | 10 | 3 | 13 | 31-41 | 33 |
11 | ISTIQLOL (Toshkent) | 26 | 7 | 7 | 12 | 26-37 | 28 |
12 | KOSONSOY (Kosonsoy) | 26 | 8 | 4 | 14 | 31-46 | 28 |
13 | REGISTON (Samarkand) | 26 | 8 | 3 | 15 | 27-52 | 27 |
14 | PAXTAKOR-2 (Tashkent) | 26 | 7 | 3 | 16 | 28-49 | 24 |
15 | OROL (Nukus) | 26 | 6 | 3 | 17 | 29-45 | 21 |
16 | ALANGA (Koson) | 26 | 5 | 5 | 16 | 22-44 | 20 |
To'purarlar: Firdavs Asadov (Spartak) – 20. Murod Bobojonov (Xorazm) – 18.
BUGUN UCHRASHADILAR
13-tur. 13 oktyabr (yakshanba)
Istiqlol - Spartak
NBU-Osiyo - Mashal
Paxtakor-2 - Xorazm
Oq-tepa - Orol
Andijon - Sherdor
Qo'qon-1912 - Alanga
Kosonsoy - Zarafshon-NCZ
Chust-Paxtakor- Registon
Islombek Rustambekov.