Bir yil avval Reyes halokatga uchragandi

1 iyun 2020, 18:59
O'tgan yilning ayni kunida taniqli ispaniyalik futbolchi Xose Antonio Reyes hayotdan ko'z yumgan va "Championat.asia"da u haqida maqola e'lon qilingandi. Xorij nashrlari marhum futbolchini eslayotgan bir paytda biz ham sizning e'tiboringizni o'sha maqolaga qaratamiz.

Xose Antonio Reyes 1983 yil 1 sentyabrda Sevilya provinciyasi tarkibidagi Utrera munisipalitetida tavallud topdi.

Futbolchi sifatida ushbu shaharchadan tashqarida 24 yil faoliyat olib bordi.

11 yoshida Seviliya jamoasi akademiyasiga qabul qilingan bolakay 1999 yil asosiy jamoa safiga qo'shildi. Seviliya 2001 yil Ispaniya ikkinchi divizioni hisoblangan Segundada g'alaba qozonib, La liga yo'llanmasini qo'lga kiritishida o'z hissasini qo'shdi.

Uning iqtidorini o'z vaqtida payqagan Arsen Venger uni o'z jamoasida ko'rishni xohlaydi. Transfer 2004 yilning qishida 17,5 million funt-sterling evaziga amalga oshirildi. Ma'lumot uchun, o'sha yillarda Frenk Lempard 11 million funtga baholangandi. Birgina Reyesning transferiga sarflangan mablag'ga Jermeyn Defo, Maykl Karrik va Glen Jonsonni sotib olish mumkin edi. Xose Antonio to'pchilar safida 2006 yil yoziga qadar to'p tepdi. Bu muddatda mamlakat chempionligi va kubogini qo'lga kiritib, Yevropa chempionlar ligasi finalchisiga aylandi.

Realda bir yil ijarada o'ynab, Ispaniya chempioniga aylangan Reyes 2007/2012 yillarda Madridning 2-raqamli jamoasi sharafini himoya qildi. Matraschilar safida ikki bor Yevropa ligasida g'olib bo'ldi. 2008/09 yilgi mavsumni Benfika safida ijara evaziga o'tkazdi.

2012 yil 5 yanvarda Seviliyaga o'tdi. Sobiq jamoasiga qaytgan yarim himoyachi qatorasiga 3 marta Yevropa ligasida zafar quchdi (2013/16 yillar) va ushbu musobada 5 marta g'olib chiqqan ilk futbolchiga aylandi. 2016/17 yilgi mavsumda Espanol sharafini himoya qilgan Reyes mavsum so'ngida futbolchilik faoliyatini yakunladi.

Ammo, 2018 yil yanvaridan boshlab quyi divizion jamoalarida o'ynay boshladi. Dastlab, 2018 yilning yoziga qadar Kordovada to'p surdi. Keyin joriy yilning boshiga qadar Xitoy chempionati 2-divizioni sharafini himoya qiladigan Urumchining Sinczyan Tyanshan Leopard jamoasida o'ynadi.

Ispaniyaga qaytib, Estremadura sharafini 9 bahsda himoya qilishga ulgurgan Xose Antonio Reyes 1 iyunda Utrerada avtomobil halokati natijasida vafot etdi.

O'z shahridan tashqaridagi 24 yillik yorqin faoliyatidan so'ng 35 yoshida ona shahrida hayotdan ko'z yumdi.

Fahriddin Ro'ziev

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia