

O'yin haqida
- Jangovor o'yin bo'ldi. Yigitlarga hech qanday etiroz bildira olmaymiz, ular oxirigacha kurashishdi. Afsus, jarohatlar sabab zaxiradan futbolchi tushirishga majbur bo'ldik. Kerakli vaqtda rejalangan futbolchini maydonga tushirishga imkoniyat bo'lmadi. Futbolda kichkina faktorlar ham rol o'ynaydi. Afsuski, so'ngi daqiqalardagi e'tiborsizlik sabab gol o'tkazib yubordik. To'p nazorati evaziga vaqtdan yutish mumkin edi. To'g'ri, ikkita o'yinda mag'lubiyatga uchradik, bundan tushkunlikka tushish shart emas. Yigitlar shunaqa jon-jahdlari bilan kurashishsa, kerakli natijalarga erisha olamiz.
- So'nggi daqiqalarda jismoniy xolat ham o'z ta’sirini ko'rsatdimi yoki e'tiborsizlik tufayli jamoa mag'lub bo'ldimi?
- Jismoniy xolat ham ta’sir ko'rsatdi. "Nasaf" o'z o'yini evaziga bizni ko'proq harakat qilishga majbur etdi. Shu boisdan ham biz maydon egalaridan ko'proq charchadik. Shunga qo'shimcha e'tiborni ham yo'qotdik, chunki imkoniyat yakka kurashda boy berildi.
- Zaxiradan qo'shilgan futbolchilar sizning ko'rsatmalaringizni to'g'ri bajara olishdimi?
- Har gal mag'lub bo'lganda nimanidir noto'g'ri qilgan bo'lasiz. Biz o'yin oxirida 5 ta himoyachi bo'lib o'ynashni ham rejalagandik. Quvondiq Ro'ziev jarohat oldi, uni almashtira olmadik. Bu ham o'z ta’sirini ko'rsatdi. Zaxiradan qo'shilgan futbolchilar ham maksimal darajada harakat qilishdi.
- Hujum chizig'ida yetakchilar bor. Xumoyun Murtozaev nega zaxirada qoldirildi?
- Chunki biz o'yin boshida ikkinchi raqamli bo'lib o'ynashni reja qilgandik. Shu sababdan ham tezkorroq Norbekovni asosiy tarkibda tushirdik. Yigitlar maydonda kerakli darajada harakat qilishdi. Bugungi o'yinimiz bilan mag'lubiyatga loyiq emasdik. Lekin bu futbol, soniyalar o'yin taqdirini hal qilishi mumkin. Keyingi o'yindan biz vaziyatni o'zgartirishimiz kerak.
Ro'ziqul Berdiev eng kuchli murabbiylardan biri, "Nasaf"da jamoaviy o'yin yaxshi shakllangan.
- Ushbu mavsumda "Turon"ni qaysi o'rinda ko'rayapsiz?
- To'g'ri, hozir ikkita mag'lubiyatdan so'ng klub rahbariyati va muxlislar tushkun kayfiyatda bo'lishlari mumkin. Men jamoamizni 5-6 o'rinlar uchun kurasha oladigan salohiyatini ko'rayapman. Tanqidlarni to'g'ri qabul qilishimiz kerak. Aybimiz bor, muxlislarimiz shuncha yo'l bosib kelib qo'llab-quvvatlab turishdi. Afsus, hozir biz ularga kerakli natijalarni taqdim eta olmayapmiz.



