Balki "NFL"dan o'rnak olarmiz?

Narzulla Saydullayev
18 fev 2014
Kecha Championat.com saytida Rossiya birinchi ligasi uchun joriy qilingan yangi qonun haqidagi xabarni o'qidim.
Unda aytilishicha, bundan buyon Rossiya birinchi divizionida faoliyat olib borayotgan futbolchi, murabbiy va klub xodimining oylik maoshi 8000 AQSH dollaridan oshmasligi kerak. "Alaniya" bilan bo'lib o'tgan ishlardan keyin "NFL" shunday qarorga kelishni maqul ko'rdi.

Bizda nima uchun yaxshi saviyadagi legionerlar kamayib ketdi, bilasizmi? Chunki o'zimizda ham yomon topishmayapti ular. Nima keragi bor, xorijga chiqishning? Xorijda asosiy tarkibda maydonga tushish uchun astoydil mehnat qilish kerak. Oliy ligamizda bitta gol urib qo'ying, bo'ldi, keyingi ikkita o'yinda asosiy takribdagi joy sizniki. Mukofot puli ham chakki bo'lmaydi. Mavsum avvalida olinadigan ko'tarma pulini aytmaysizmi!

Bugungi holatdan kelib chiqib aytadigan bo'lsak, o'rtacha 20 mln so'mdan 300 mln so'mgacha ko'tarma puli olinadi. Bu pul shunchaki shartnomaga qo'l qo'yishingiz uchun. Hali mavsum boshlanmay turib jamoalar o'z byudjetlarining 30%ga yaqinini biror marta o'yinga maydonga tushmagan futbolchi uchun sarf qilib bo'lishadi. Bu pullar esa yil davomida oddiy mehmonxona, futbolchilarning xavfsizligini taminlay olmaydigan tungi taksilar, muxlislar uchun yaratilishi kerak bo'lgan sharoit, stadion va baza, yaxshi legioner uchun sarf qilinishi lozim bo'lgan mablag' va eng yomoni bolalar futboli oqali tejaladi. Agar shu ko'tarma pulini yo'qotsak, men yuqorida sanab o'tgan barcha ishlarga bu mablag' yetib ortadi. Natijada klublarning sifati oshadi. Sharoitga ega muxlis stadionga kela boshlaydi. BO'SMdan istedodli futbolchilar chiqa boshlaydi.

Futbol aslida kim uchun o'ynalayotganligini rahbarlar o'zlari uchun aniqlab olishlari kerak. Turnir jadvali uchunmi yoki muxlis uchun? Muxlis uchun bo'lsa nima uchun jamoalarning xorij safarlariga matbuot kotiblari olib ketilmayapti? Jamoasining har bir qadami ishqiboz uchun qiziq, ammo yuqoridagi pullar matbuot kotibiga ketadigan arzimas chaqa orqali ham tejalyapti.

2014 yilda faqatgina "Neftchi" o'z xodimini Turkiya safariga olib ketdi. Mayli, balki hissiyotga berilayotgandir, ammo u kishi yozyapti. Muxlis esa o'qiyapti. Gap tamom, vassalom! "Paxtakor", "Bunyodkor", "Lokomotiv"-chi? Agar OCHLning jarimasi  bo'lmaganida "Nasaf" ham o'z matbuot kotibini tashlab ketgan bo'lardi. "Olmaliq"qa nima deysiz? Klub strukturasidagi deyarli barcha ishlarni qiladigan Baxtiyor Shirinov tashlab ketildi. Kuni kecha bir hamkasbim (u ham matbuot kotibi) klubdan ketaman deb qoldi.
 
"Biz ularga faqat ish paytida kerakmiz, qolgan payt xodim sifatida ko'rishmaydi". Ishonavering, rost gap bu. O'zim ham 7 yil davomida klub tizimida faoliyat olib borganman. Lirik chekinish uchun uzr, mavzuga qaytamiz.

O'zbekiston chempionatidan daromad ko'rayotgan futbolchilar Italiya B seriyasidagi o'yinchilardan ko'p pul topayotganlariga ishonasizmi? Yo'q bo'lsa kerak, ammo bu fakt. Zeytullaev aytdiki, O'zbekistonda yaxshi o'yinchilar ko'p. Ular Italiya B seriyasida bemalol o'ynab keta olishadi. Men so'rayman: 5-6 000 AQSH dollari beradimi? U aytadi: Yo'q, aslo, agar bunday KATTA (!) pulni o'ylashadigan bo'lsa, bormay qo'ya qolishsin. U erda 2-3 mingga o'ynashadi.

Mana ko'rdingizmi, nima uchun biznikilar xorijga kyetishni juda ham xushlashmaydi. Ularning salohiyati yetmaydi emas, shunchaki moddiy tomondan kichik summalar ularga yoqmaydi. Ammo bu summani ham u erda osongina ishlab topib bo'lmaydi. Bir o'yinda 5ta gol urmaysanmi, keyingi o'yinga tayyor bo'lmasang, murabbiy seni avvalgi natijangga qarab o'tirimaydi: “BONKA”ga o'tirasan.

Agar bizda klublar o'zlariga ajratilayotgan pullarni to'g'ri yo'lda taqsimlay olsalar, katta yutuqlarga erishish mumkin. Klub deganda faqat futbolchi va murabbiyni tushunish kerak emas. Murabbiy deganda esa bosh murabbiyni... Qizig'i shundaki, o'rinbosarlar tarkibi murabbiylarini MURABBIY o'rnida ko'rmaydilar. Vaholangki, aynan ular bosh jamoaga futbolchi yetishtirib, chiqimni kamaytirishga urinadilar. BO'SM murabbiylari haqida yozmadim.

Bir paytlar "Bunyodkor" katta pul evaziga "Paxtakor"dan futbolchilarni o'z safiga qo'shib olgandi. "Paxtakor"da ularni saqlab qolish uchun mablag' yo'q edi. Mana bu yil "Bunyodkor" xuddi shu uslub qurboni bo'ldi. Balki, balki To'raev va Hasanovning yo'qligi bilinmas, ammo Nesterovning...

Nima qilish kerak? Qaniydi, PFL ham UEFA kabi moliyaviy feyr-pleyni yo'lga qo'ysa. Agar "Buxoro" "Dinamo"ga nisbatan 1 mln. so'm ko'p bera olmasa, "Bunyodkor" beradigan pul "Nasaf"nikidan oshishiga yo'l qo'yilmasa, na Ali, na Vali klubini almashtiradi. Bugungi kunda ko'plab futbolchilarimiz asosiy tarkibdagi o'rinlarini pulga almashtirib yuboryaptilar.

Futbolchining faoliyati qisqa deymiz-u, ammo shu futbolchi oliy ligada o'ynab turib o'qituvchining hayoti davomida topadigan daromadidan (nafaqasini qo'shib hisoblaganda) ancha ko'pini ishlab qo'yadi. Uni to'g'ri sarfla, kayfu-safo qilma. Mulk qil, tadbirkorlik bilan shug'ullan. Bunday o'yinchilar ko'p. Ammo topgan pulini sovuradiganlar undan-da ko'p. Bazan yaqin-yaqingacha o'ynab kelgan futbolchilarni ko'rib achinib ketasiz. Egnidagi kiyimi, o'sha bir paytlar Dubay va Antaliyadan olingan shim. Bir paytlar OAVga qo'l uchida qaragan "qahramonimiz" ko'chada birov tanimaydigan holga tushib qolganlari qancha? Menimcha, bu ko'proq tarbiyaga bog'liq bo'lsa kerak. Nima uchun Zidan faoliyatidan keyin ham Zidan, nima uchun murabbiylik qilmagan bo'lsa-da Eysebio, Eysebioligicha qoldi? Chunki ular o'z paytida OAVni qo'l uchida ko'rmadilar, o'z navbatida OAV ham ularni yolg'izlatib qo'ymadi. Bizda yulduzli onlari davomida muxlis-u OAVni hurmat qilmagan futbolchi butsasini mixga ilishi bilan izsiz yo'qoladi.

Endi mavzuni murabbiylar tomon buramiz. PRO licenziyalarimizning soni ko'chadagi taksilar soniga yaqinlashib qoldi. Albatta, bu bo'rttirib yozilgan. Ammo to'g'ri o'xshatish. Kim “Tiko”da, kim “Matiz”da, yana kim “Lasetti”da kira qiladi. Ammo barining daromadi deyarli bir xil. 15-20 ming so'm farq qilishi mumkin. Lekin oliy liganing bosh murabbiyi va bolalar murabbiyi o'rtasidagi farq kabi emas. Klublar yaxshi pulni bosh murabbiyga beradi. Yordamchi, yoshlar, 1-liga, BO'SM murabbiylari esa choy-chaqaga ishlaydilar desa ham bo'laveradi. Natijada asosiy tarkibga otalarini erkatoylarini "tiqa" boshlaydilar. To'g'ri-da, ular ham qayerdandir daromad qilishi kerak-ku? Agar BO'SM va yoshlar ligasidagi murabbiylarning maoshi ham nazoratga olinib, ularga sharoit yaratib berilsa, tanish-bilishchilik sal bo'lsa-da kamayarmidi.

Yaxshi pul faqat bosh murabbiyda, oliy ligamizda esa 14ta jamoa mavjud. 14 jamoadan "Paxtakor", "Bunyodkor", "Nasaf", "Metallurg" va "Olmaliq" o'zlarining muqim murabbiylariga ega. Qolgan 9 jamoa murabbiyi bo'lish uchun 50ta licenziyasi bor murabbiy joy uchun tashna. Bu yo'lda qanday qing'ir ishlar bo'lmaydi deysiz? Ikkita aqlli mutaxassis mag'lub bo'lgan murabbiy ustidan mag'zava ag'darib o'tiradi. Xuddi o'zi biron narsani qoyillatganday. Bunga laqqa ishongan jamoa rahbari, g'azabdan murabbiyini olib tashlaydi va o'sha aqlliga imkon beradi. O'z navbatida uning ham orqasidan g'iybatni to'kib soladigani chiqadi.

Agar pullar bosh murabbiydan tashqari quyiroqda bo'lgan, ammo bosh jamoaga futbolchi etkazib beradigan maktablarga ham klublar tomonidan to'g'ri taqsimlansa, o'sha murabbiy faqat asosiy tarkibga emas, boshqa toifadagi jamoalarda ham ishlarmidi?

Ularga pul etkazish qiyin emas, shunchaki katta-katta maoshlarni bekor qilish va ko'tarma pullaridan voz kechish kerak, xolos. Albatta, bu oddiy bir jurnalistning fikri, agar bu borada jiddiy o'ylab, audit tekshiruv o'tkazadigan bo'lsak, birorta jo'yali qarorni qabul qila olsak kerak.

Nodirxo'ja Yuldashev

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia