

O'zbekiston U-16 terma jamoasiga endilikda ushbu yosh toifasidagi futbolchilar bilan ishlashda katta tajribaga ega bo'lgan Olim Shokirov ustozlik qiladi.
Kecha O'FA Murabbiylar kengashining yig'ilishi bo'lib o'tdi va unda O'zbekiston U-16 terma jamoasi bosh murabbiyi bo'lishga nomzodlar ko'rib chiqildi. Murabbiylar kengashining tavsiyasi inobatga olingan holda Olim Shokirov endilikda O'zbekiston U-16 terma jamoasida bosh murabbiy sifatida ish olib boradi. Shu paytga qadar O'zbekiston U-16 terma jamoasi murabbiylar shtabida ishlab kelgan mutaxassislar ham faoliyatini davom ettiradi – Sergey Arslanov (katta murabbiy), Timur G'aniev (darvozabonlar murabbiyi) hamda Jamshid Umarov (jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiy).
Shuningdek, O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi murabbiylar shtabida tajribali mutaxassislar – Islom Ahmedov va Dilshod Nuraliev maslahatchi murabbiy sifatida o'z tavsiyalarini berib borishadi.



