Azamat Abduraimov: “Bunyodkor”ga rahmat"

Narzulla Saydullayev
14 noya 2013
“Sog'lom avlod” stadionida “Andijon” va “Bunyodkor” jamoalari o'rtasida o'tkazilgan xayriya uchrashuvi yakunlanganidan so'ng "Andijon" bosh murabbiyi Azamat Abduraimov “Sport” telekanaliga intervyu berib shou haqida o'z fikrlarini bildirdi.
- Jamoamiz a'zosi Dmitriy Kraev jarohat olib safdan chiqqani bois uni xorijda operaciya qildirishi kerakligi ayon bo'ldi. Shu sababli uning davolanib sog'ayib ketishiga yordam berish maqsadida bunday tadbirni uyushtirdik. Albatta, bu birinchisi emas va avval ham bunday tadbirlar o'tkazilgan. Futbolchilarimdan birinchi navbatda oliy ligaga qaytganimiz bilan minnatdorman. Qolaversa, ular jamoadosh do'stini bunday vaziyatda yolg'izlatib qo'yishmaganiga rahmat aytaman. Mavsum yakunlanganidan so'ng Dmitriy Kraev davolanishi uchun xayriya uchrashuvi o'tkazishni rejalashtirgandik. Mana bugun ana shu o'yinni o'tkazdik va xayriya uchrashuvidan tushadigan mablag'ni Kraevning hisob raqamiga o'tkazamiz.

O'z navbatida “Bunyodkor” rahbariyati, futbolchilari va ayniqsa, Mirjalol Qosimovga alohida minatdorchilik bildiraman. Ular og'ir o'tgan mavsumdan so'ng tatilga shoshilmasdan Andijonga tashrif buyurib xayriya uchrashuvida ishtirok etishdi. Bu bilan “Bunyodkor” ham Dmitriy Kraevning davolanishi uchun o'z hissasini qo'shdi. Bir so'z bilan aytganda, bugun Andijonda haqiqiy futbol bayrami bo'lib o'tdi. Bunday uchrashuvlar ko'proq tashkil etilsa, muxlislarning futbolga bo'lgan qiziqishini yanada oshiradi.

- Nihoyasiga etgan mavsum yakuni to'g'risida qanday fikrdasiz?
- Muddatidan oldin oliy ligaga chiqish vazifasini bajargan bo'lishimizga qaramay, mavsum biz uchun oson o'tgani yo'q. Bu yil oldimizga ikkita vazifa qo'ygandik. Birinchisi, jamoani yana oliy ligaga qaytarish edi. Ikkinchisi esa shakllangan jamoa tuzish. Jamoa o'zagini saqlab qolgan holda bir qator mahalliy yosh o'yinchilarni tarbiyalashga harakat qildik. Yani, kelajakni o'ylab jamoa shakllantirdik.

- Albatta, oliy ligaga chiqqandan keyin tarkibni kuchaytirish talab etiladi. Bu borada qanday ishlar olib boriladi?
- Birinchi galda poydevor yaxshi bo'lishi kerak. Bolalar futboli, akademiyaga e'tibor qaratish va ularni “Andijon” jamoasi uchun munosib o'yinchi sifatida tayyorlab borish lozim. Bu ishonch albatta o'z samarasini beradi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: andijon-pfc.uz