

O'yindan keyin "Sho'rtan" bosh murabbiyi Asror Aliqulov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O'yin haqida fikringiz?
- "G'azalkent" jamoasi bu mavsum o'zini yaxshi ko'rsatyapti va jamoa tarkibida yosh iqtidorli futbolchilar bor. Shu bois yigitlarimizga jiddiy munosabatda bo'lishni uqtirgandik va raqibni mensimaslik holati bo'lmasligini aytgandik. Uchrashuv kurashlarga boy kechdi. Birinchi taymda kamroq bo'lsa-da vaziyat yaratdik. Ikkinchi bo'limda raqib o'n kishi qolib ham qarshi hujumda bizni jazoladi. Raqib yosh bo'lishiga qaramay, tarkibda bo'ydor himoyachilari bor. Ular himoyani yaxshi qo'riqlashdi. Biz "ikkinchi qavat"da ham ustunlikka erisha olmadik. Mag'lubiyat uchun muxlislardan uzr so'rayman.
- Shogirdlaringizda raqibni mensimaslik holati kuzatildimi?
- "G'azalkent" bir o'yinchi kam bo'lib qolgach, chuqur himoyaga o'tdi. Natijada biz uzun paslar bilan o'ynay boshladik. Qanotlardan hujum uyushtirishimiz kerak edi. Lekin oddiy vaziyatlarda to'pni uzatib bera olmadik. Oddiy to'p uzatish futbolchi uchun qiyin emas. Biz bunaqa o'yin ko'rsatmasligimiz kerak edi. Bunday o'yin namoyish etish murabbiy uchun ham, jamoa uchun ham uyatli deb hisoblayman.
- Qizil kartochkadan so'ng "Sho'rtan" bamaylixotir harakat qildi. Zaxiradan tushirilgan G'anisher Qodirov, Islom Kenjaboev kabi futbolchilar qanchalik ishonchni oqlashdi?
- G'anisher Qodirov oxirgi bir nechta o'yinlarda jamoamizga yordam berib keldi. U to'pni o'zida yaxshi saqlay oladi. Bir vaziyatda jarima to'pi ishladi, ammo boshqa futbolchimiz zarbani juda yomon amalga oshirdi. Qolgan vaziyatlarda raqib himoyachilari unga imkon berishmadi.
- Turnir jadvalida "Aral" birinchi o'rinda ketyapti. Ularda to'plar nisbati ham yaxshi.
- Biz uch ochko ortda qolyapmiz. Hujum borasida kamchiliklar bor. To'pni tepayotganda hadeb kuchli zarba berish shart emas, gol urish uchun ko'proq aqlni ishlatish kerak bo'ladi. Xatolarimiz nimada ekanini bilamiz va shularni to'g'rilash ustida ishlaymiz.
- Oraliq tanaffusdagi rejalaringiz?
- Proliga saviyasini o'zingiz ko'ryapmiz, o'yinlar yuqori tempda bosim ostida o'tyapti. Bizga yuqori temp bilan o'ynaydigan futbolchilar kerak. Ayniqsa o'rta chizig'imiz juda sekin harakat qilyapti. O'rta chiziqni va hujumni kuchaytirishga harakat qilamiz.



