Arteta "Inter"ga qarshi o'yin haqida: "100 foizli natija bo'shashishga olib kelmaydi"

Sherzod Nurmatov
20 yanv 2026, 19:26
"Arsenal" bosh murabbiyi Mikel Arteta Chempionlar Ligasida Milanning "Inter" jamoasiga qarshi bo'ladigan uchrashuv oldidan kutilmalarini bayon qildi.

Turnirning umumiy bosqichidagi 7-tur uchrashuvi 20 yanvardan 21 yanvarga o'tar kechasi Milanda bo'lib o'tadi va o'yin kunining eng muhim bahslaridan biri sifatida baholanmoqda.

"Biz yana Chempionlar Ligasidamiz. Biroz vaqt o'tib, musobaqaga qaytdik va navbatdagi o'yinga to'liq tayyormiz. Bu turnirda yuz foizli natija qayd etyapmiz va oldimizda "Inter"ga qarshi safar o'yini turibdi - biz ular bilan o'tgan mavsumda ham to'qnash kelganmiz.

Har bir uchrashuvga yagona maqsad - g'alaba uchun tayyorlanamiz va ertangi o'yin ham bundan mustasno emas. 

Tarkib tanloviga kelsak, albatta, zich taqvim va ketma-ket to'rtinchi safar o'yini bo'lishi e'tibor talab qiladi. Biroq biz bunga xotirjam yondashyapmiz va futbolchilarning tayyorgarligi hamda taktik vazifalardan kelib chiqib qaror qabul qilamiz", – dedi Arteta matbuot anjumanida.

"Inter" – "Arsenal" uchrashuvi Toshkent vaqti bilan 01:00 da boshlanadi. 

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Reuters