APL 15-turiga anons: "Arsenal" qayerda, "Arsenal"?

Angliya chempionatining navbatdagi turida London derbisi, "iblislar"ning "tulkilar"ga, "shporlar"larning "bo'rilar"ga qarshi bahslariga guvoh bo'lishingiz mumkin.

London derbisi (26 dekabr 22:30)

Mikel Artetaning "Arsenal"dagi faoliyati shunchalik muvaffaqiyatsiz chiqyaptiki, "to'pchilar"ning har bir o'yini oldidan mish-mishlar tarqaladi - bu uninng so'nggi imkoniyati. Aftidan, klub rahbariyatining ispaniyalik mutaxassisga ishonchi hech tugamaydi. Bu gal ham Artetaning ahvoliga havas qilib bo'lmaydi, uning shogirdlari Lempardning "Chelsi"siga qarshi o'ynaydi. 

Ayni paytda "to'pchilar" turnir jadvalining 15-pog'onasiga joylashgan (autsayderlar hududi bilan oradagi farq 4 ochkoga teng) bo'lsa, "aristokratlar" 5-bo'lib turibdi (2-o'rin bilan oradagi farq 2 ochkoga teng).

"Arsenal" so'nggi 7 o'yinning 5 tasida mag'lub bo'ldi, 2 durang. Bunga Liga kubogi doirasidagi "Manchester Siti"ga qarshi o'yinni qo'shing (1:4). Zamonaviy "Arsenal" hatto "Byornli" bilan o'yinlarda ham favorit bo'lmay qoldi. Rahbariyat hozircha Artetani almashtirmadi. Klub afsonalari ham Mikelga ishonch bildirishni maslahat berishmoqda, chunki u ajoyib mutaxassis. Klub qiyin vaqtda jamoani qabul qilib olgan murabbiyni qo'llab-quvvatlaydi. Ehtimol, Artetaning iste'fosi "to'pchilar" chempionshipga tushib ketsagina amalga oshishi mumkin...

"Chelsi" joriy mavsumda gollar soni bo'yicha faqat "Liverpul"dan ortda qolmoqda. Jamoa oxirgi o'yinini "Vest Xem"ga qarshi o'tkazib, 3:0 hisobida zafar quchdi. "Arsenal" esa derbiga "Everton" maydonida mag'lub bo'lib yetib kelmoqda.

Mazkur jamoalar o'rtasidagi so'nggi to'qnashuv 1 avgust oqshomida sodir bo'lgan edi. Pulishich hisobni ochgan liga kubogi finalida Obameyangning dubli "to'pchilar"ga g'alaba keltirgan. Navbatdagi bahs qanday natija kutyapsiz?

Turning markaziy o'yini (26 dekabr 17:30)

Sulsher jamoasining yuqorilab ketganini birov payqamay qoldi. Muammolar girdobida deyilayotgan MYU mag'lubiyatsiz (6 tasida g'alaba) 7 o'yindan keyin kuchli to'rtlikka kirdi. Zahiradagi uchrashuvda ham g'alaba qozonsa, 2-o'ringa ko'tariladi. Unga qadar "qizil iblislar" 2-o'rinni egallab turgan "Lester" imtixonidan o'tishi kerak bo'ladi. Mazkur duelni "ayyor murabbiylar orasidagi jang"ga qiyoslash mumkin - Sulsher ham, Rojers ham raqibga moslashuvchanligi bilan mashhur. 

Qizqarli jihati shundaki, MYU qatorasiga 12 o'yindan buyon "Lester"ga imkoniyatni boy bermagan. "Tulkilar" "qizil iblislar"ni so'nggi bor 2014 yilning sentyabrida mag'lub qilgan edi. Bu galgi to'qnashuvdan qanday natija kutyapsiz?

"Bo'rilar" "shporlar"ni imtixon qiladi (28 dekabr 00:15)

"Tottenxem" ketma-ket 2 o'yinda imkoniyatni boy berdi. Mantiqqa to'g'ri kelmasa-da, Mourinyu har 2 uchrashuvdan keyin jamoasining yaxshiroq o'ynaganini ta'kidladi. Portugaliyalik mutaxassis londonliklarning o'yini tezkor qarshi hujum asosida qurgan. "Tottenxem"ning o'yinida asosiy urg'u Son va Keynga qaratiladi. Klub bunday o'yini bilan "Vulverxempton"ga qarshi qiynalishi mumkin. "Bo'rilar" aynan top-6 jamoalarni "tishlashi" bilan nom qozongan. Mazkur klublar o'rtasidagi so'nggi bahs 1 mart kuni o'tkazilgan va "Vulverxemp"ton 3:2 hisobida g'alaba qozongan edi. Navbatdagi to'qnashuvdan qanday natija kutyapsiz?

Shuningdek, 15-turda quyidagi o'yinlarga guvoh bo'lishingiz mumkin: 

"Aston Villa" - "Kristal Pelas" (26 dekabr 20:00)

"Fulxem" - "Sautgempton" (26 dekabr 20:00)

"Man Siti" - "Nyukasl" (27 dekabr 01:00)

"Sheffild" - "Everton" (27 dekabr 01:00)

"Lids" - "Byornli" (27 dekabr 17:00)

"Vest Xem" - "Brayton" (27 dekabr 19:15)

"Liverpul" - "Vest Bromvich" (27 dekabr 21:30)

Faxriddin tayyorladi


Manba: championat.asia