Anxel Lopes: "G'alaba uchun borimizni berdik"

Оқил Абдубарноев
16 mar 2022, 20:52
Superliga 3-turidan o'rin olgan "Metallurg" – "Surxon" (0:0) bahsidan keyin mehmonlar ustozi Anxel Lopes fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

- O'yin haqida

- O'ylaymanki, har ikki taymda g'alaba uchun borimizni berdik. Gol urishga harakat qildik. Juda ko'p burchak to'plari, juda ko'p vaziyatlarga ega bo'ldik, ammo bundan foydalana olmadik. 

- Jamoada ikki darvozaboni (Shohruh Eshbo'taev, Xaver Ximenes – tahr.)ni navbati bilan almashtirib tushirishingiz nima bilan bog'liq? 

-  Biz hozirda ikki kuchli darvozabonga egamiz. Ular o'zaro jiddiy raqobat hosil qilishmoqda. Shohruhning mashg'ulotlardagi faolligini inobatga olib, uni maydonga tushirishga qaror qildim. Ikki kuchli darvozabonga ega ekanligimizdan xursandmiz.

- Noqulay ob-havo (kuchli shamol - tahr.) va maydonning holati o'yinga ta’sir ko'rsatdi deb o'ylaysizmi?

- Toshkentda deyarli har kuni yomg'ir yog'moqda. Ha, bunday ob-havoda mashg'ulot va o'yin o'tkazish mushkul.

- Ispaniyalik hamkasbingiz, "Metallurg" ustozi Luisma Ernandesdan qanday ishlanmalarni kutgandingiz?

- Biz "Metallurg"ga qarshi o'yinga jiddiy tayyorgarlik olib bordik. Ular "Nasaf"ga qarshi ajoyib o'yin ko'rsatishdi. Faollikni umuman susaytirmaslikka urindik. Biz oldingi o'yinlarimizda ham yaxshi o'yin ko'rsatgandik, ammo g'alaba qozona olmagandik. 

- Bugun qo'lga kiritilgan 1 ochkodan qoniqish hosil qilmadingizmi?

- 100% bo'lmasa-da, bahsdan qoniqish hosil qildim. Juda ko'p vaziyatlardan unumli foydalana olmadik. Kezadada jarima zarbalari, burchak to'plari yuzaga keldi. Afsuski, birortasini golga aylantira olmadik.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: championat.asia