"Andijon": "Qo'qon-1912" yirik hisobda mag'lub etildi

Hademay birinchi liganing ikkinchi bosqich o'yinlari ham start oladi. Muxlislar oliy liga chiqish uchun “Mashal”, “Andijon” va “Qo'qon-1912”ni bu borada asosiy nomzod sifatida ko'rsatmoqda.
 Bugun Andijonda “Andijon” - “Qo'qon-1912” jamoalari o'rtoqlik uchrashuvini tashkil etishdi. Bu har ikkala tomon uchun ham rasmiy o'yinlar oldidan muhim edi. Shu bois “Qo'qon-1912” ham huddi mezbonlar kabi o'yinga asosiy tarkibi bilan yetib keldi. Oxirgi paytlarda qo'qonliklar yig'inida ishtirok etib kelayotgan Nodir Qo'ziboev negadir shu kuni “Qo'qon-1912” tarkibida ko'rinmadi. Olingan ma'lumotlarga ko'ra, futbolchi huquqiy jihatdan “Istiqlol” jamoasiga tegishli. Shu bois Qo'ziboevni yana toshkentliklar safiga qaytishi tahmin qilinmoqda.
Mehmonlar ustozi Tohir Kapadze mazkur o'yinda yoshlarni zaxirada qoldirdi va asosiy taymdan boshlab jangavor tarkibni tushirdi. Yoshlar esa ikkinchi bo'limda ketma-ketlikda almashtirildi.
“Burgutlar” murabbiylar shtabi ham shu kuni ikki hil tarkibni ko'zdan kechirishdi. Birinchi bo'limda andijonlik futbolchilarda hisobni ochish uchun bir nechta imkoniyat bo'ldi ammo Lochin Soliev va Davron Tursunov yuzaga kelgan vaziyatlardan unumli foydalana bilmadi. Birinchi bo'lim poyoniga yetib borayotganida esa tajribali yarim himoyachi Asqar Jadigerov raqib darvozasi tomon belgilangan jarima to'pini chamasi 20-25 metrlardan qoyilmaqom tarzda amalga oshirdi. Uning bergan zarbasini Baklanov qaytara olmadi, 1:0.
Ikkinchi bo'limda ustunlik asosan mezbonlar tomonida bo'ldi. Shu kuni “Andijon” bundanda yirik hisobda g'alaba qozonishi ham mumkin edi. Ammo Lochin Soliev va Akmal Jo'raboev ikkinchi bo'limda bir nechta golli vaziyatlarni ko'kka sovurdi. Andijonliklar yig'iniga “Neftchi”dan kelib qo'shilgan Sardor Soibov muxlislarda iliq taassurot qoldirayotganini aytib o'tish kerak. Tezkor harakatlari bilan raqiblarini sarosimaga solib qo'yayotgan Soibov shu kuni zaxiradan maydonga tushib, jamoasi o'yinini kuchaytirishga erishdi. “Burgutlar”ning aksariyat hujumlari asosan ushbu futbolchi orqali uyushtirildi. Xususan ikkinchi gol kiritilishida Sardor katta hajmdagi ishni bajardi. Raqilarini ketma-ket aldab o'tib, to'pni bo'sh turgan Kraevga uzatdi. Hujumchi esa hech qanday qiyinchiliksiz to'pni darvozaga to'g'rilab qo'ydi. 
Yuqorida aytib o'tganimizdek, Akmal Jo'raboevda gol urish bir qator imkoniyatlar yuzaga keldi. Ammo hujumchi ularning barchasidan unumli foydalana bilmadi. Shu kuni gol urish uchun astoydil harakat qilgan Jo'raboev baribir niyatiga etdi.  
“ANDIJON” - “QO'QON-1912” - 3:0 (1:0).
Andijon. “Sog'lom Avlod” stadioni.
Hakamlar: Temur To'xtasinov, Ulug'bek Karimov, Anvar Marajabov. 
“Andijon”:Sergey Smorodin, Dilmurod Mahmudov, Davron Tursunov, Afzal Azizov, Furqat Hasanboev, Bekzod G'oziev, Alisher To'xtasinov, Bahrom Abdurahimov, Anvar Abduqodirov, Asqar Jadigerov, Lochin Soliev.
Zaxiridan maydonga tushganlar: Akmal Tursunboev, Asror Rahmonov, Ikrom Ibragimov, Akmal Jo'raboev, G'iyosjon Komilov, Dmitriy Kraev, D.Usmonov, Aziz Qayumov, Ulug'bek Norqobilov.
“Qo'qon-1912”: Andrey Baklanov, Jo'rabek Yoqubov, Hurshid Uzoqboev, Aleksandr Kritinin, Muhsin Nizomiddinov, Rahmatullo Meliboev, Bahodir Akramov, Laziz Safoev, Rustam Abduhamidov, Aziz To'xtaboev, Ahmad Raimjonov.
Zaxiridan maydonga tushganlar: Ali Yo'ldoshev,  Omon Abdug'aniev, Nodirxon Kamolov, Davlatbek Yorbekov, Otabek Haydarov, Aziz Madaliev.
Gollar: Asqar Jadigerov, Dmitriy Kraev, Akmal Jo'raboev.
Mazkur o'yinda “Andijon” safida bitta yangi futbolchi maydonga tushdi. Bu G'iyosjon Komilovdir. 1989 yili tavallud topgan himoyachi birinchi bosqich o'yinlarida “Xotira-79” jamoasi sharafini himoya qilgandi.
“Qo'qon-1912” jamoasida bir qator futbolchilar ko'rikdan o'tkazilmoqda. Jamoa bilan xayrlashishi mumkin bo'lgan futbolchilar ham yo'q emas. Bu masala yaqin kunlarda oydinlashadi.

Manba: championat.asia