

Albatta hozir emas. Ammo Kubok bahslari uchun qur'a tashlash marosimi bo'lib o'tdi va tabiiyki, guruhlar barchani qiziqtirmoqda. Andijon esa N guruhida Dinamo, Nasaf hamda Navbahor bilan joylashdi. Burgutlar safida o'zini ko'rsatayotgan futbolchilardan biri Bektemir Abdumannonov esa Andijon matbuot xizmatiga qur'a haqida intervyu berdi.
-Bektemir, O'zbekiston Kubogi guruh bosqichiga qur'a tashlandi. Andijon joy olgan guruh haqida fikringiz qanday?
-Kubok bosqichida ham yaxshi natijalar ko'rsatib, guruhdan chiqishni niyat qilyapmiz. Guruhimizda yaxshi jamoalar bor. Bu esa bizga yanada yaxshi tajriba bo'ladi, deb o'ylayman. Guruhimizdagi ikkita o'yinni o'z maydonimizda o'tkazamiz. Xudo xohlasa, muxlislarimizni xursand qilishda davom etamiz.
-Deryali hamma N guruhiga o'lim guruhi deya nom berishyapti…
-Hozir hamma klublar o'ziga yarasha yaxshi. Qancha kuchli raqib bo'lsa, shuncha yaxshi. Biz barcha uchrashuvda maydonga faqat g'alaba uchun tushamiz.
-Bular siz kutgan raqiblarmi yoki…
-Yo'q, bu jamoalarni kutmagandim.
-Andijon chempionatni yaxshi boshladi. Superliga bilan Kubok bahslari orasida siz uchun eng muhimi qaysi?
-Jamoamiz bilan Kubokda ham, Superligada ham g'alaba uchun kurashamiz. O'zbekiston Kubogida masuliyat katta. Yutqazsangiz musobaqani tark etasiz. Kubok uchrashuvlari shunisi bilan ham qiziq.
-30 mart kuni Nasaf Bobur Arenada o'ynaydi. Bo'lajak uchrashuvga tayyorgarlik qanday va nima kutyapsiz?
-Jamoa bilan mashg'ulotlarga jiddiy kirishganmiz. 23 mart kuni Qirg'iziston U 20 terma jamoasi bilan o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushamiz. Undan keyin bor e'tiborni 30 mart kunida bo'ladigan o'yinga qaratamiz. Kayfiyat a'lo darajada va shunday ruhda o'yinlarimizni davom ettiramiz.

Andijon matbuot xizmati.



