"Andijon"ning rossiyalik hujumchisi: "Maqsad – klub tarkibida iloji boricha ko'proq sovrin va unvonlarga ega bo'lish"

Administrator
23 fev 2024, 23:46
"Andijon" safiga yangi qo'shilgan futbolchilar orasida SSKA klubi tarbiyalanuvchisi, istedodli hujumchi Luka Zgurskiy ham borligini bilasiz.

Rossiyalik futbolchi faoliyatida yangi sahifa ochildi va “Andijon”da nimalarga qodirligini ko'rsatmoqchi. Shu bilan birga u yangi sarguzashtlarga ham tayyorlanmoqda. Luka “Andijon” matbuot xizmatiga ilk intervyusi berdi.


-Luka, siz endi rasman “Andijon” a'zosisiz. Yangi klubda o'zingizni qanday his qilyapsiz?

-O'zimni bu yerda a'lo darajada his qilyapman. “Andijon”dek klubda o'ynashdan xursandman.

-Oldin “Andijon” haqida nimalarni eshitgansiz?

-Aytishim mumkinki, “Andijon” jamoasini yaxshi va ajoyib muxlislarga ega klub deb eshitganman.

-Luka, ayting-chi, SSKA klubidagi faoliyatingiz qanday kechdi?

-SSKAda turli xil yaxshi va buning aksi o'laroq yoqimsiz damlar ham bo'lgan. Har qanday holatda ham shu darajaga yetishimda mazkur jamoaning hissasi katta ekanligini ta'kidlab o'tmasam bo'lmaydi.

-“Andijon”ga ko'chib o'tishingizda SSKA va umuman u yerdagilarning munosabati qanday bo'ldi?

-Muxlislar va o'yinchilarning munosabati turlicha bo'ldi. Lekin ko'pchilik bu tanlovimni qo'llab-quvvatladi.

-Siz hujumchisiz. Tabiiyki, muxlislar sizdan ko'p narsa kutishadi. O'tgan yili Rubin Xebay eng yaxshi to'purar bo'lgandi. Uning o'rnini egallashga tayyormisiz?

-Iloji boricha tezroq o'zimga bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qilaman. Shu bilan birga to'purar bo'lishga va fursati kelganida himoyadagi sheriklarimga ham yordamlashishga harakat qilaman.

-Adashmasam, siz ilgari ham O'zbekistonga kelgansiz-a?

-Ha, oldin Rossiya U21 tarkibida O'zbekistonda – Buxoro shahrida bo'lib, ikkita o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushganman.

-Siz va Maksim Sarraf SSKAdan “Andijon”ga qo'shilganinglardan so'ng “Sport Ekspress” nashri men bilan aloqaga chiqdi va bu transferlarga qiziqishdi. Rossiyalik jurnalistlar ham bu masalada sizlar bilan bog'lanishgandir…

-Ha, rossiyalik jurnalistlar bu o'tishim qanday amalga oshgani bilan qiziqishdi.

-Asosiy maqsadingiz nima?

-Maqsad – “Andijon” tarkibida iloji boricha ko'proq sovrin va unvonlarga ega bo'lish. Albatta, jamoa uchun foydasi tegadigan futbolchi bo'lishga va ko'proq gollar urishga, to'purarlar poygasiga kirishga harakat qilaman.

-Qaysi raqamni tanladingiz?

-O'zimga 51-raqamni oldim.

-“Andijon” jamoasiga moslashuv jarayoni qanday kechyapti?

-Moslashish jarayoni zo'r o'tmoqda va buning uchun o'yinchilarga, klub rahbariyati va xodimlariga minnatdorlik bildiraman.

“Andijon” matbuot xizmati.

O'xshash yangiliklar


AdministratorMuallif
Manba: “Андижон” матбуот хизмати.