Andijon yangi futbolchilarni tanishtiruv marosimini o'tkazdi

Khoja
10 mar 2024, 08:28
Andijon klubi 10 mart kuni Bobur Arenada yangi mavsumdagi birinchi uchrashuvini o'tkazadi.

Toshkentning Bunyodkor jamoasiga qarshi bo'lib o'tadigan bahsni andijonliklar katta qiziqish bilan kutishmoqda.

Odatda har mavsum oldidan jamoa a'zolari bilan muxlislar o'rtasida o'ziga xos uchrashuv tashkil etiladi va buni yana bir nomi taqdimot marosimi deb ham ataladi. Burgutlar birinchi turni safarda OKMKga qarshi o'tkazgach, jamoa a'zolari o'z qarorgohida ikkinchi turga tayyorgarlikni boshlagandi. 10 mart sanasi yaqinlashgani sari futbol kayfiyati ham yanada ko'tarilib borayotganini muxlislar yaxshi his qilib turishibdi. Shu maqsadda 9 mart sanasida Andijon qishloq xo'jaligi va agrotexnologiyalar institutining anjumanlar zalida aynan taqdimot marosimi o'tkazildi.

Zal muxlislar bilan to'lib-toshdi. Andijon jamoasini sog'inishgani shundoq sezilib turardi. Jamoa a'zolarini katta shodiyona va xursandchilik bilan qarshi olishdi. Bu esa futbolchi va murabbiylarga o'zgacha kayfiyat bag'ishladi.

Andijon viloyati hokimi o'rinbosari Komiljon Sobirjonovich Komilov so'zga chiqib, viloyat hokimining jamoaga qarayotgan e'tibori va qo'llab-quvvatlovini alohida etirof etgan holda yangi mavsumda Andijonga omad tiladi. Butun mavsum mobaynida futbolchilardan ijobiy natijalar kutishini, hamma vaqt muxlislarni xursand qilishlari muhimligi va o'z navbatida barcha shart-sharoitlar yaratilishini qo'shimcha qilib o'tdi.

Shundan so'ng Andijonning yangi futbolchilari birma-bir tanishtirildi va ularga o'z raqamlari tushirilgan futbolkalar topshirildi.

Qolaversa, Andijon bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov ham tadbir davomida so'zga taklif qilindi. Tajribali mutaxassis avvalo, barchani yangi futbol mavsumi boshlangani bilan qutladi. Jamoa a'zolari mas'uliyatni chuqur his qilib turganligi, albatta, muxlislarni xursand qilish asosiy vazifa ekanligi, mavsumni muvaffaqiyatli o'tkazish uchun bor kuch va imkoniyatlarni ishga solishini alohida ta'kidladi.

Shuningdek, Andijon klubi rahbariyatidan, jumladan jamoa bosh homiysi – Uzavtosanoat AJ vakili Rustam Abdurashidovich Mamajonov ham futbol ishqibozlarini yangi mavsum starti bilan tabriklar ekan, Andijonning bir necha yillik istiqbolli dasturi haqida to'xtaldi. Klub akademiyasini tashkil qilish, bolalar futboliga e'tiborni kuchaytirish uchun amaliy ishlar boshlanganligi va buning uchun Belarusdan malakali mutaxassislar taklif qilinganini aytib o'tdi. Yaqin kelajakda Andijon tarbiyalanuvchilaridan Abbos Fayzullaev va yana shunga o'xshash boshqa bo'lajak futbolimiz yulduzlari yetishib chiqishiga umid qilgan holda klubni har tomonlama rivojlantirish borasida ishlar qilinayotganini ham bildirib o'tdi. Shu bilan birga muxlislarni jamoamizni qo'llab-quvvatlashi juda ham muhimligini eslatib o'tdi va jamoamiz a'zolariga omad tiladi.

Bundan tashqari, Andijon fan-klub raisi Nodir To'ychiev muxlislik madaniyatiga alohida e'tibor qaratish muhimligini barchaga eslatib, har qanday holatda ham Andijon jamoasini faol tarzda qo'llab-quvvatlash lozimligini aytib, barchani stadionga chorladi.

Andijon klubi sardori Ildar Mamatkazin esa jamoa nomidan viloyat hokimi Shuhratbek Qo'shoqboevich Abdurahmonovga futbolchilarning imzosi qo'yilgan to'p va 10-raqamli futbolkani taqdim etdi va bu sovg'ani viloyat hokimi nomidan o'rinbosari qabul qilib oldi.

Bir so'z bilan aytganda, Andijon klubining 2024 yildagi o'z maydonida bo'lib o'tadigan ilk uchrashuvi oldidan o'tkazilgan taqdimot marosimi juda ko'tarinki kayfiyatda o'tdi va bundan futbolchilar ham, muxlislar ham o'ziga yarasha motivaciya oldilar.

Andijon matbuot xizmati.

O'xshash yangiliklar


KhojaMuallif
Manba: andijanfc.uz