

Xususan andijonliklar ham 10 dekabr, payshanba kuni yig'iladi. Murabbiy Nozim Mullaoxunovning aytishicha, shu kuni asosan mahalliy futbolchilar to'planadi va hal qiluvchi yig'inga hozirlik ko'rib boriladi. Ushbu bosqichda asosiy e'tibor andijonlik futbolchilarga qaratiladi va ularning nimalarga qodirligi ko'zdan kechiriladi. Mashg'ulotlar kuniga bir mahaldan, Sho'rbuloq dahasidagi sun'iy maydonda o'tkazilishi ko'zda tutilgan. Mashug'lotlar Mullaoxunov boshchiligida o'tadi. Unga yordamchi murabbiy Vitaliy Legay ko'maklashadi. Boshqa viloyatlik bo'lgan futbolchilar esa 20 kuni Andijonga yetib keladi va shu kundan boshlab, hal qiluvchi yig'inlar boshlanadi. Bosh murabbiy masalasi hozircha ochiq turibdi. Sergey Kovshovning taqdiriga yaqin kunlarda oydinlik kiritilsa ajab emas. Bu haqda keyinroq yana ma'lumot beramiz.






