Alisher Nikimbaev: "Hakamlar departamenti yangi rahbarining qobiliyatsiz ekanini bitta suhbatdayoq bilganman"

Narzulla Saydullayev
16 iyun 2022, 15:34
O'zbekistonlik futbol mutxassisi Alisher Nikimbaev telegramdagi o'z kanalida yangi post qoldirdi.

"Aytishlaricha, hakamlar departamentini yana hakamlikdan uzoq bo'lgan inson boshqaradi. Bu yana bir bor ushbu tayinlovlarni ilgari surayotganlar mamlakatda futbol rivojini emas, o'z shaxsiy qiziqishlari haqida o'ylashlarini ko'rsatib beradi.

Buni tan olish og'ir, ammo katta ehtimol bilan yaqin orada o'zgartirib bo'lmasa kerak. O'zgarishlar to'lqini 2017 yilda boshlangandi, o'shanda futbol tepasiga kelgan rahbarlar o'z kursilariga yopishib olishdi va endi osonlikcha qo'yib yuborishmaydi. Barcha haqiqatlar va ko'proq yolg'onlar (tuhmat va intrigalar) bilan lavozimda qolishga intilishadi.

Hakamlik yangi rahbari bo'lishi kutilayotgan inson bilan, hayotimda bir bor suhbatlashganman va o'sha suhbatning o'zi uning qobiliyatsiz ekanligi uchun etarli bo'lgandi.

Yigit Qatar ligasidagi hamkasbi bilan uchrashuv tashkil etib berishni so'ragan va o'sha uchrashuvda, bir soat ichida ikkita savol bergandi:

- Qur'a uchun sharchalarni qayerdan olasizlar?

- Bunday sharchalarni qayerdan sotib olsa bo'ladi?

Va - bo'ldi! Boshqa hech nima so'ralmagan.

Ammo, ko'rinishidan, birga ishlayotgan odamlar, yani uni faoliyat zinapoyasidan tepaga ko'tarayotganlar, bunda hech qanday uyatli holatni ko'rishmayapti.

Aytgancha, aynan shu insonlar hakamlar departamenti oldingi rahbarini ham ilgari surishgandi. Natija - oldingi rahbarni shunday so'zlar bilan ishdan haydashdi: "qamoqqa tiqishmaganiga rahmat degin". Ammo ushbu klanga (jamoa) ishonishda davom etishmoqda", - deb yozadi Alisher Nikimbaev telegramdagi o'z kanalida.

Ma'lumot uchun, bugun O'FA hakamlar markaziga Laziz Qo'chqorov rahbar etib tayinlangani haqida xabar chiqdi. Bunga qadar ushbu lavozimda Erkin Baxtiyorov ishlab kelayotgan edi.


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia