Aleksey Evstafeev: Final bosqichi uchun ham alohida maqsadlarimiz bo'ladi

Narzulla Saydullayev
13 okt 2013, 08:49
O'zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Aleksey Evstafeev Qatarga qarshi saralashning so'nggi o'yinida shogirdlari maydonga faqat g'alaba maqsadida tushganliklarini ta'kidladi.
12 oktyabr kuni O'zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasi Osiyo chempionati-2014 saralash A guruhi doirasida Qatarga qarshi so'nggi tur o'yinini o'tkazdi. Bahs 2:1 hisobida Qatar foydasiga hal bo'ldi. O'zbekiston guruhda ikkinchi o'rinni egallab, final bosqichi yo'llanmasini qo'lga kiritdi.

Avvalo, Qatar yoshlar terma jamoasini bugungi g'alaba bilan, shuningdek, Osiyo chempionati final bosqichi yo'llanmasini qo'lga kiritganliklari bilan tabriklayman. Bugun biz o'z o'yinimizni namoyish eta olmadik, shunga qaramay, uchrashuv ikkinchi taymida ko'rsatgan o'yinlari uchun shogirdlarimga minnatdorlik bildiraman, - dedi Evstafeev.

Bugungi Internet zamonida futbolchilardan biror ma'lumotni yashirish qiyin. Shunga qaramay, biz ularda Ikkinchi o'rinni egallab ham, final bosqichiga chiqa olamiz, qabilidagi kayfiyat, fikr paydo bo'lmasligi uchun harakat qildik, tegishli choralarni ko'rdik. Biz har bir uchrashuvda faqat g'alaba uchun maydonga tushamiz, Qatarga qarshi bugungi o'yin ham bundan mustasno bo'lgani yo'q, - dedi O'zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi.

Ha, O'zbekiston yoshlar terma jamoasi bu yerda, saralash guruhidagi boshqa raqiblari singari, qisqa vaqt oralig'ida og'ir, ko'p ham o'tkinchi bo'lmagan o'yinlarni o'tkazdi. Ushbu bahslar terma jamoamizdagi aksariyat futbolchilar uchun ilk xalqaro tajriba bo'ldi, ular har qanday holatda ham xalqaro tajribaga ega bo'lishdi. Bu kelajakda ular foydasiga xizmat qiladi, - dedi Aleksey Evstafeev.

Biz saralash bosqichi uchun oldimizga alohida maqsad qo'ygandik – final bosqichi yo'llanmasini qo'lga kiritish. Final bosqichi uchun ham alohida maqsadlarimiz bo'ladi. O'zbekiston terma jamoalari har doim o'z oldiga eng yuqori maqsadlarni qo'yadi. Final bosqichi musobaqalarigacha hali ko'p vaqt bor, shunday ekan, unga saralash bosqichidagiga nisbatan yaxshiroq tayyorgarlik ko'rib, yaxshi natijalar ko'rsatish uchun barcha sharoit bor, - deya qo'shimcha qildi O'zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Aleksey Evstafeev.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com