"Al Faysali" bosh murabbiyidan aeroportda olingan intervyu

Xayrulla Xoliqov
29 yanv 2018
Xabaringiz bor, ertaga Qarshining "Nasaf" klubi o'z maydonida OCHL guruh bosqichiga chiqish uchun Iordaniyaning "Al Faysali" jamoasiga qarshi bahs olib boradi.

"Al Faysali" a'zolari haliyam Toshkentdagi mahalliy aeroportda Qarshiga uchadigan reysni kutishmoqda. Noqulay ob-havo sharoiti tufayli samolyot hali ko'tarilgani yo'q. Hozircha qachon uchishi noma'lum. Aeroportda bo'lib turgan saytimiz xodimi Shahboz Beg'amov fursatdan foydalanib "Al Faysali" bosh murabbiyi Neboysa Yovovichdan intervyu oldi.

- Belgilangan vaqtda uchib keta olmayotganimiz jamoangizga ta’sir ko'rsatadimi?  
- Biz ob-havoni o'zgartira olmaymiz. Albatta, vaziyatga qarab ish tutyapmiz. Vaqtida uchib keta olmayotganimiz hammani asabiylashtiryapti, lekin iloj qancha. Biz anchadan paytdan beri aeroportda turibmiz. Hammasiga xotirjam qarashga harakat qilyapmiz.

- "Al Faysali" oxirgi 5-6 yil ichida 22 marta bosh murabbiyni o'zgartirgan. Buning boisi nimada?
- To'g'risi, men bu haqda o'ylayotganim yo'q. Qolaversa, bu savolga klub rahbarlari javob beradi. O'tgan yil o'zim shu jamoada ishni boshlagandim, keyin Misrga ketdim va yana qaytib keldim. Qo'l ostimda bu jamoa uchta sovrinni qo'lga kiritdi: chempionlik, Kubok va Superkubok. Shuningdek, arab chempionlar ligasining finalida o'ynadik. Men aslida "Al Faysali"dan ketmoqchi emasdim, chunki yaxshi jamoani shakllantirayotgandim, ammo shunday bo'lib qoldi.

- "Al Faysali" oldiga OCHLda qanday vazifa qo'yilgan?
- Ertangi o'yin haqida gapiradigan bo'lsam, avvalo muxlislarga Iordaniya futbolini ko'rsatmoqchimiz. Yaxshi o'ynab guruhga chiqsak, bundan hammamiz xursand bo'lamiz.

- "Nasaf"ni qanchalik o'rgandingiz?
- Albatta, raqib haqida yaxshi ma'lumotga egamiz. "Nasaf" kuchli jamoa ekanini bilamiz. Bu klubda to'p tepayotgan Dragan Cheran o'z vaqtida Saudiya Arabistonida qo'l ostimda o'ynagandi. Uni yaxshi hujumchi deb hisoblayman.

- Cherandan tashqari yana kimlarni bilasiz?
- Raqib futbolchilarini o'rganish murabbiyning ishi. Buni yaxshi bilaman. Ammo meni ko'proq nomlar emas, balki jamoaning o'yin uslubi, umuman qanday futbol o'ynashi qiziqtiradi.

- "Al Faysali" "Nasaf"ga qarshi qanday o'yin namoyish etadi: hujumkormi yoki himoyaviymi?
- Futbol taktikasi oddiy: gol urish va o'tkazmaslik. Albatta, men hozir barcha kartalarni ocha olmayman, lekin bizning ham o'zimizga yarasha rejamiz bor. Aytib o'tganimdek, chiroyli o'yin ko'rsatishni xohlaymiz. "Al Faysali" oddiy jamoa emas va buni ertangi o'yinda ko'rasizlar.



Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia