Akmal Rustamov: "Uchta o'yindan beri o'zimizga kela olmayapmiz"

Superliga 6-turidan o'rin olgan "Buxoro" – "Qizilqum" (2:0) uchrashuvidan keyin "Qizilqum" bosh murabbiyi Akmal Rustamov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Uchrashuvga yaxshi hozirlik ko'rgandik, raqibni ham yaxshi o'rganib chiqqandik. Afsuski, 0:2 hisobida mag'lubiyatga uchradik. Hozir shunday vaziyatga tushib qolganmizki, hammasi bizga qarshi ishlayapti. Gap mag'lubiyatlar haqida ketmoqda, buning sabablarini topishga harakat qilyapmiz. Yutsa jamoa yutadi, yutqazsa murabbiy yutqazadi deyishadi. Uchta o'yindan beri o'zimizga kela olmayapmiz. Nasib qilsa keyingi bahslarda buni to'g'rilashga harakat qilamiz. Navoiydan kelib bizni qo'llab turgan ishqibozlarga rahmat aytaman. Oyning o'n beshi yorug' bo'lsa, o'n besh qorong'u degan gap bizga mos tushyapti. O'ylaymanki, keyingi uchrashuvlar jamoamiz foydasiga hal bo'ladi.

- Aytib o'tganingizdek, jamoa uchta o'yindan beri yutmayapti va gol ham urmayapti. Bundan muxlislar juda xafa. Nega bunday bo'lyapti? Ikkinchi savolim, "Qizilqum" hujumida boshqa variantlar bormi?
- "Neftchi" bilan o'yindan keyin aytgandim: Islom Kenjaboev jarohat olib safdan chiqib qoldi. Bizda jujumchilardan Shohruz Norxonov bilan Oleksey Shebetun bor. Yil boshida shu uch futbolchiga ishonch bildirganmiz. Rotaciya bilan o'ynatib turamiz deganmiz. Bu futbolchilarga o'rinbosar sifatida mahalliy yoshlarni chiqaramiz degan reja bo'lgan. Islom Kenejaboev jarohat oldi, Asror G'ofurov jarohat oldi, shu bilan jamoa mexanizmi buzildi. Lekin baribir keyingi bahslarni yutmasak bo'lmaydi, boshqa yo'l yo'q.

- Golsiz seriya haqida...
- Vaziyatlar yaratyapmiz, lekin to'p kirita olmayapmiz. Agar gol urmasak, jamoa yutqazadi. Maksimum durang bo'lishi mumkin. Lekin gol urmasak, orqadagi o'yinchilarga ham qiyin bo'ladi, buni juda yaxshi tushunib turibmiz. Mashg'ulotlarda ishlayapmiz, lekin o'yinda to'pning darvozaga kirgisi kelmayapti. Balki omad bizdan yuz o'girgan bo'lishi mumkin.


Manba: championat.asia