Ahmedov va Shomurodov bugungi o'yin oldidan Falastindagi sun'iy qoplamali maydon haqida nima deydi?!

Tolibjon Qosimov
5 sen 2019, 10:28
Bugun O'zbekiston terma jamoasi Falastinga qarshi safarda o'yin o'tkazadi.

Kecha kechki ovqatdan so'ng terma jamoamiz yetakchilari Odil Ahmedov va Eldor Shomurodovlarning sun'iy qoplamali maydon borasida fikrlari bilan qiziqdik.

Odil Ahmedov: "Sun'iy maydonda mashq qilganda xohlaysizmi yo'qmi oyoqlar og'riydi. Sirpanish darajasi deyarli yo'qoladi. Bunday maydonlarning eng yomon tarafi - eski jarohatlarni qayta qo'zg'atib qo'yishi. Lekin, bu maydon Shimoliy Koreyadagidan yaxshiroq. Unda umuman o'ynab bo'lmasdi".

Ma'lumot uchun: O'zbekiston terma jamoasi JCH-2018 saralashi doirasida KXDRga qarshi 2015 yilning 16 iyun sanasida safarda o'yin o'tkazgandi. Afsuski, o'shanda vakillarimiz raqibga 2:4 hisobida imkoniyatni boy berishgan. Aynan o'sha mag'lubiyatdan so'ng Mirjalol Qosimov terma jamoa rulida iste'fo bergan edi.


Eldor Shomurodov:
- Sun'iy maydon siz kabi tezkor futbolchilarning yugurishiga qanchalik halal beradi?
- Biz yosh bo'lganimiz uchun ham katta farq bilinadi deya olmayman. O'ynasa bo'ladi.
- Lekin, yaqindagina Rossiya chempionati doirasida "Rostov" bilan "Ufa" mehmoni bo'lib mag'lubiyatga uchragandinglar. Ufaliklarning maydoni ham sun'iy qoplamali.
- "Ufa"ning maydoni Falastindagidan yaxshiroq edi. Nisbatan yumshoqroq. Doimiy suv sepib turilishi bunga sabab bo'lsa kerak. O'shanda ko'nikmagan maydonda shunchaki butun jamoaning o'yini qovushmagandi. Nasib qilsa, ertaga albatta g'alaba qozonish uchun maydonda borimizni beramiz.

Ma'lumot uchun: Terma jamoamizning kechagi mashg'uloti paytida delegaciya rahbarlari uchrashuv nazoratchisidan bugun maydonga suv sepishni so'rashdi. Hindistonlik nazoratchi albatta suv sepilishini aytib o'tdi.

O'xshash yangiliklar


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: championat..asia