A Seriya: "Yuventus"ni kim to'xtatadi? (prevyu)

Italiya A Seriyasida kecha 8-tur o'yinlariga start berildi.

Turning dastlabki uchrashuvida to'qnashgan "Torino" va "Frozinone" bahsida mezbonlarning qo'li baland keldi. Gollarga boy o'tgan bellashuvda muxlislar 5ta gol ko'rishdi. "Frozinone" ikki to'p farqida orqada borayotib vaziyatni o'nglashga erishdi, ammo o'yin tugashiga yaqin Aleks Berenguer "Torino"ga g'alaba keltiruvchi golni urdi. Mazkur g'alabadan keyin "Torino" 12 ochko jamg'argan holda 8-o'ringa chiqib oldi.


Bugun esa turning qolgan uchta bellashuvi o'tkaziladi. Turnir jadvalining pastki qismidan o'rin olgan jamoalar bahsida "Kalyari" "Bolonya"ni qabul qiladi. Peshqadam "Yuventus" esa "Udineze"ga safar qiladi. Rimning "Roma" jamoasi esa "Empoli" mehmoniga aylanadi.


A Seriyada yaqqol peshqadam bo'lib turgan "Yuventus"ning g'alabali seriyasi 8 o'yinga etgan. YCHL bilan qo'shib hisoblaganda esa Allegri jamoasi 10 o'yindan buyon tengsiz bo'lib turibdi. Turinliklarning raqibi "Udineze" haqida to'xtaladigan bo'lsak, Xulio Velazkez shogirdlari hozircha 2 o'yinda g'alabani tantana qilishgan. Jamoa 8 ochko to'plagan, to'plar nisbati ham 8-8 ko'rinishda. Turnir jadvalida esa "Udineze" 14-pog'onani band etib turibdi.

"Udineze" tarkibida yulduz Rodrigo de Paul. Argentinalik yarim himoyachi joriy mavsumda jamoaning asosiy yetakchisiga aylangan. Rodrigo de Paul 3ta gol urgan va jamoaning to'rtta goliga assistentlik qilgan. Bugungi bahsda ham "Yuventus" himoyachilariga eng katta xavf aynan Rodrigo de Pauldan kelishi ehtimoli yuqori.


"Yuventus" yulduzi Ronaldu asta-sekin A Seriyaga ko'nikib bormoqda. Portugaliyalik futbolchi oxirgi o'yinlarda 3ta gol urdi va jamoaning 4ta goliga assistentlik qildi. Dibala ham oxirgi o'yinlarda gollar seriyasini ochib yubordi. Xedira va Rugani esa jarohat olib lazaretdagi ro'yxatni to'ldirishdi. Ma'lum muddat hordiq chiqargan Kellini va Kanselu esa yana jangga qaytishmoqda. Emre Jan esa yana bir bor markazda o'ynash imkoniyatini qo'lga kiritishi mumkin.


Qiziq fakt: "Udineze" uchun "Yuventus"ning g'alabali seriyalariga chek qo'yish yangilik emas. Bunga qadar jamoa 2016 yili turinliklarning uydagi mag'lubiyatsiz seriyaga barham berishgandi. Bugun ham jamoa "Yuventus"ning g'alabali seriyasiga "nuqta" qo'yishga urinib ko'rishi aniq.


Bosh hakam: Rozario Abisso

"Udineze": Skuffet; Samir, Nyuytink, Trust-Ekong, Larsen; Bexrami, de Paul, Mandragora, Fofana, Pussetto; Lazanya

Jarohatlanganlar: Badu (20 kun), Ingelsson (20 kun), Balich (7 kun)

"Yuventus": SHHensni; Aleks Sandro, Kellini, Bonuchchi, Kanselu; Jan, Pyanich, Matyuidi, Dibala; Ronaldu, Mandjukich

Jarohatlanganlar: Spinaccola (30 kun), Rugani (20 kun), Xedira (2 hafta)

Diskvalifikaciya: Duglas Kosta (1 o'yin)


Turning qolgan o'yinlari ertaga bo'ladi. Unda chempionat to'purari Kshishtof Pentek o'ynayotgan "Jenoa" "Parma"ni sinovdan o'tkazadi. "Milan" esa hali g'alaba tamini tatib ko'rmagan "Kevo" bilan o'zaro bahslashadi. Turning e'tiborga molik bahsi Rimda o'tkaziladi. O'tgan tur chempionatda "Roma"dan engilgan, Yevropa ligasida esa "Ayntraxt"dan yirik hisobdagi mag'lubiyatga uchragan "Lacio" mavsumni ajoyib o'tkazayotgan yevropaning eng yosh jamoasi "Fiorentina" bilan to'qnashadi. "Atalanta" esa o'z uyida "Sampdoriya"ni mehmon qiladi. Karlo Anchelotti boshqaruvidagi "Napoli" esa "Yuventus"dan uchralgan mag'lubiyat alamini "Sassuolo"dan olishga urinib ko'radi. Turni yakunlovchi bahsida "Spal" hamda "Inter" o'zaro kuch sinashadi.


Manba: championat.asia