"Maqsadimiz - qasos emas, Chempionlar Ligasida g'alaba qozonish!" - Arbeloa "Benfika" bilan o'yin oldidan

Aslanov Jasurbek
17 fev 2026
Madridning "Real" klubi bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa Chempionlar Ligasining pley-off bosqichi doirasida Lissabonning "Benfika" jamoasiga qarshi kechadigan bahs oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Raqib haqida:

Arbeloa Lissabon jamoasining kuchini alohida etirof etdi:

"Birinchi navbatda, "Benfika"da juda kuchli individual iqtidorlar bor. Ularning kayfiyati va o'yinga yondashuvi uch hafta oldingi (4:2 hisobidagi mag'lubiyat nazarda tutilmoqda) bahsdagidek bo'lishi aniq. Ularda o'yin suratini belgilab beradigan va kurashuvchanlikni taminlaydigan yetakchi bor. Bizni juda qiyin va raqobatga boy o'yin kutmoqda".

Qasos yoki maqsad?

Joze Mourinyuning "yarador Real" haqidagi gaplariga Arbeloa sovuqqonlik bilan javob qaytardi:

"Yo'q, hech qanaqa qasos haqida gap-so'z bo'lishi mumkin emas. Biz doim g'alaba haqida o'ylaymiz. Maqsadimiz shunchaki "Benfika"ni musobaqadan chiqarib yuborish emas, balki Chempionlar Ligasida bosh sovrinni qo'lga kiritishdir. Pley-offga yo'l olish - bu biz uchun qasos emas, balki navbatdagi maqsad".

Eslatib o'tamiz, ushbu ikki jamoa o'rtasidagi birinchi bahs bugun, 17 fevral oqshomida Lissabondagi mashhur "Eshtadiu da Lush" stadionida bo'lib o'tadi. Mourinyu va Arbeloa to'qnashuvida bu safar kimning qo'li baland kelar ekan?


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: As