Eldor Shomurodov: "Ikkinchi marta yaxshi o'yin ko'rsatgan uchrashuvda yutqazdik"

Оқил Абдубарноев
16 fev 2026
Turkiya Superligasi 22-tur doirasidagi "Istanbul Bashakshehir" - "Beshiktosh" o'yinidan so'ng mezbonlar hujumchisi Eldor Shomurodov saytimizga intervyu berdi.

"Ikkinchi marta yaxshi o'yin namoyish etgan uchrashuvda imkoniyatni boy berdik. "Trabzonspor", shuningdek, "Beshiktosh"ga qarshi avvalgi bellashuvda oxirgi daqiqalarda o'tkazib yuborilgan gol sababli yutqazgandik. 

Bu muammoni o'rganishimiz kerak. Yevropa ligasi yo'llanmasini qo'lga kiritishni xohlasak, shunday o'yinlarda ochko olishimiz kerak. Natijadan barcha xafa. Chunki alamli mag'lubiyat bo'ldi. Biroq shu kabi to'qnashuvlar bizni yanada kuchliroq qiladi.

Uchrashuvdan avval ham 6 ochkolik o'yin ekanligini aytildi. Menimcha, yomon o'yin namoyish etmadik. Yaratilgan vaziyatlardan unumli foydalana olmadik. Oxirgi daqiqalarda gol o'tkazib yuborganimiz esa alamli bo'ldi.

Hakam qaysidir jamoaga yonbosadi demagan bo'lardim. Ammo bu soha hali rivojlanishi kerak. Sababi, bahsli vaziyatlarda jamoamiz zarariga ishlashidan tashqari juda ko'p to'xtatilishlar sodir bo'lishiga sabab bo'lmoqda. To'xtalishlarning ko'payishi esa o'yin tempiga ta’sir qilib, tomoshabinlar uchun ham yoqimsiz holga aylanadi", dedi o'zbekistonlik forvard.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia