So’nggi yangiliklar

12:04Ёзда "Реал" сафига қўшилиши керак бўлган Эндрик жиддий жароҳат олди  0 11:46Алип "Зенит" - ЦСКА ўйинидан кейин Торопдан кечирим сўради   0 11:20Миржамол Қосимов 942 кундан сўнг Суперлигада гол урди  8 11:01Евро-2024 учун илк терма жамоа якуний таркибини эълон қилди  4 10:36«Арсенал» бўйи деярли 2 метрли ҳужумчи учун 80 миллион евро тўлашга тайёр  5 10:10Дахшат! ЦСКА «Зенит» билан ўйинда оғир жароҳат олган Торопнинг шифохонада тушган суратини эълон қилди  7 10:10"Футбол олами". "Нефтчи" - "Андижон" 2:2, "Навбаҳор"да ғалаба ва 7-турнинг қолган ўйинлари ҳақида  2 09:44Тен Хаг навбатдаги ғалабадан сўнг нималар деди?  2 09:18Франция клуби тарихида илк бор ЕЧЛ йўлланмасини қўлга киритди  6 08:51Бруну Фернандеш «Манчестер Юнайтед»даги келажаги ҳақидаги саволга жавоб берди  4 08:26«Бавария» мураббийини олиб қолмоқчи, бироқ энди Тухель шарт қўйди  5 08:00Федотов «Зенит» билан ўйиндан сўнг кийиниш хонасида ЦСКА футболчиларига мурожаат қилди  2 07:32Про лига. Бугун турнинг марказий учрашуви бўлиб ўтади  2 06:05Италия кубоги финал. "Аталанта" - "Ювентус" 0:1  0 06:00ЛаЛига. "Хетафе" - "Атлетико Мадрид" 0:3  1

Karvonlarga posbon bo'lgan sarbon bilan Parij sari boramiz Yangiliklar

Karvonlarga posbon bo'lgan sarbon bilan Parij sari boramiz

Deyarli mening yoshim bilan teng orzularimizdan biri ushaldi.

Bu uzun va mashaqqatli yo'l edi. Xuddi uzoq muddatli safarga chiqqan karvon misoli edik. Karvonga esa munosib sarbon zarur va o'sha sarbon karvonning asosiy posboni (himoyachisi) bo'ladi. Bu karvon yo'lga chiqar payti unga Timur Kapadze sarbon etib tayinlandi. Buyog'iga Kapadze ularni uzoq davom etgan mashaqqatli yo'ldan maqsad sari etaklab keldi. Bu jamoa bosh murabbiyimizning o'zi ham aytganidek kecha paydo bo'lib qolmadi. Bu jamoa yillar davomida shakllanib keldi, anchagina sinovlardan o'tdi. 2 yil oldin O'zbekiston mezbonlik qilgan U-23 Osiyo Kubogi finalida Saudiya Arabistonidan uchralgan mag'lubiyatdan keyin butun karvon sarbon boshchiligida muxlislar qarshisida uchralgan mag'lubiyat uchun ko'z yosh to'kdi. O'shanda quyidagi maqolani yozganimda yodimda:

O'zi ham yig'lagan, muxlislarni ham yig'latgan chempionlar 

2 yil oldin finaldan keyingi mag'lubiyatdan so'ng Kapadze aytgan bazi fikrlarni qayta keltirib o'tmoqchiman:

- Muxlislardan uzr so'rayman. Nasib etsa, ularni ulkan g'alabalar bilan xursand qilamiz;

- Bizning bu jamoani tashkil qilganimizdan asosiy maqsad – Olimpiada;

- To'g'ri, futbolchilarimda ruhiy va jismoniy tomonlama biroz toliqish bor. Lekin hayot davom etadi.

 

Bundan 15 yillarcha ilgari afsonaviy murabbiy Ser Aleks Fergyuson intervyularidan birida "Finallardagi mag'lubiyat meni yaxshiroq ishlashga undaydi", - deb aytib o'tgandi. Menimcha, xuddi o'sha holat Kapadzeda ham kuzatilmoqda. U o'shanda muxlislarga hali ulkan g'alabalarni taqdim etamiz, vazifamiz Parij olimpiadasi degan va mana bugun o'z so'zlarining ustidan chiqdi. Mag'lubiyat to'g'ri xulosa chiqara olganingda g'alabaga tengdir. Bu borada ham "Kopa" "nuqtaga urdi". Yani, u 2 yil oldingi finaldan keyin o'yinchilarida ruhiy va jismoniy tomonlama toliqish borligi haqida gapirganini yuqorida keltirdim. Qatardagi musobaqada esa u o'sha holatga yana tushmaslik uchun ideal rotaciyalarga qo'l urdi. Hech bir to'qnashuvda bir xil tarkib tushmadi, har o'yinda kutilmagan o'zgarishlar qilaverdi, hatto jamoaning asosiy "miyasi" bo'lgan Jasur Jaloliddinov ham bitta o'yin (Indoneziyaga qarshi yarim final)ni zaxirada boshladi. O'z navbatida murabbiyning o'zi tayyorlab kelgan shogirdlariga bo'lgan ishonchi va "dux"iga qoyil qolmasdan iloj yo'q. Umuman, tavakkal qilishdan qo'rqmaydi. Uning jamoasida almashtirib bo'lmas futbolchi degan jumla yo'q. U shunday jamoa tuza oldi, istalgan tarkib bilan o'yin va natija ko'rsatib ketyapti. Zaxiradan tushadigan futbolchilarimiz ham o'yinni kuchaytirsa kuchaytiryapti, aslo ortga tortmayapti. 3 may kuni bo'ladigan finalga futbolchilarimiz jismoniy tomonlama ajoyib holatda etib borishadi. Kimdadir ortiqcha charchoq alomatlari bor deb aytib bo'lmaydi. Hamma rotaciyaga tushdi va hammada orada biroz tin olish imkoni bo'ldi. Demak, murabbiy 2 yil oldingi musobaqa duch kelgan holati bu safar ham duch kelmasligi uchun ajoyib echim topa oldi.


Saudiya Arabistoniga qarshi chorak final o'yinidan oldin jamoamiz ovga chiqayotgani haqida maqola yozgandim.

"Och bo'rilar" ovga chiqmoqda

Yuqoridagi material shunchaki o'yindan oldingi pafoslarga to'la maqola emasdi. O'zim musobaqa avvalidan beri Qatardaman va yigitlarning kayfiyati, holatini o'yinlarda va mashg'ulotlarda kuzatib kelyapman. O'zim bevosita ko'rib turganim uchun ularga katta ishonch bilan biz Saudiyadan ham o'tamiz, Olimpiadaga ham chiqamiz va chempion ham bo'lamiz deb ishonch bilan yozgandim. Bu futbolchilarimizning har biriga qarasangiz ko'zlari yonib turganini payqaysiz, ular to'xtash, hisobda oldinga chiqib olgach himoyaga 2 qator bo'lib yotib olish nimaligini bilishmayapti. Sarbon o'zi to'p nazoratiga asoslangan hujumkor futbol tarafdori bo'lgani uchun futbolchilar ham maza qilib futbol o'ynashmoqda.

U-23 terma jamoamizning ortda qolgan 5ta o'yindagi statistikasiga etibor qaratadigan bo'lsak biz raqiblar darvozasi tomon 33ta aniq zarba yo'llaganmiz va o'z darvozamiz tomon bor yo'g'i (aynan bor yo'g'i) 2tagina aniq zarba o'tkazib yuborganmiz xolos. Bizning darvoza tomon faqatgina Saudiya va Vetnam aniq zarba bera olgan. Gollarimiz farqi esa 14-0. Dahshatli ko'rsatkich. Bu biz barcha o'yinlarda mutlaq dominantlik qilayotganimizga yaqqol dalil.

Kapadze qurgan o'yinda dahshatli pressingni ham ko'rishimiz mumkin. Malayziyaga Ulug'bek Hoshimov urgan gol yodingizda bo'lsa kerak. Ana o'sha yuqori pressingimiz samarasi edi o'sha gol. Bu jamoamiz to'p bilan ham, to'psiz ham juda xavfli. To'psiz holatda pressingga hamma boradi, barcha ishtirok etadi. Reshforddek chala pressing qiladigan o'yinchilar yo'qligi xursand qiladi)


O'zbekiston U-23 terma jamoasidagi yaqqol bitta yulduz yo'q, hamma birdek yulduz. Lekin, oldindagi hujumlarimizning qurilishida va maydon markazidagi nazoratda sardorimiz Jasur Jaloliddinovning o'rni katta. SHu sababdan ham barcha bellashuvlarda eng ko'p aynan uni "tepkilashmoqda". Uning maydonni ko'ra olishi va noodatiy paslari bizga ko'p epizodlarda ustunlik bermoqda. Bundan tashqari, Jaloliddinov bilan standartlarimiz ham yanada xavfli ko'rinish oladi. O'zi umuman har bir o'yinchimizni alohida tilga olib ketsa arziydi, tayanch zonada hammasini tozalayotgan va hujumlarni boshlashda jonbozlik ko'rsatayotgan Abdurauf Bo'riev juda katta hajmdagi ishni bajarmoqda. Xolmatov, Rahmonaliev va Ibragimov ham markazda boplab "betonlab" berishmoqda. Himoyada kim tushsa ham vazifasini qoyillatib uddalamoqda. Bittalab sanab o'tirmay ularning har biriga minnatdorchilik bildirib qo'yamiz. Sizlar musobaqadagi eng zo'r himoyachilarsiz. Darvozabonlarimizga esa yuqoriroqda keltirgan statistikamdan kelib chiqsak u qadar ham ko'p ish topilmayapti) Bu jamoada darvozabonlarimizning oyoq bilan o'ynashi va "chiqish"larda xatosiz harakat qilishi muhim. Oldindagi uchlikda esa har o'yin rotaciyalar ko'ryapmiz va har o'yin gollar uryapmiz. Demak, ularga ham ortiqcha etiroz yo'q. Darvoqe, Husayn Norchaevda musobaqa to'purari bo'lish uchun yaxshi imkoniyat bor. Xuddi shunday imkon Alisher Odilovda ham bor, faqat Odilov jamoadoshidan bitta kam gol urgan.

Aytdimku Jaloliddinovni yomon "tepkilashyapti" deb.


Terma jamoamiz lagerini kecha ikki nafar, bugun esa yana bir nafar legionerimiz tark etdi. Abduqodir Husanov, Hojimat Erkinov hamda Abbos Fayzullaevlar o'z klublari ixtiyoriga qaytib ketishdi. Yani, ularning klublari bilan aynan Olimpiada yo'llanmasi qo'lga kiritulgunga qadar kelishuvga erishilgandi. SHu joyida barcha legionerlarimizni kelishuv bilan olib kela olishda o'z hissasini qo'shgan O'FA rahbariyati va futbolchilarimizning agentlariga ham minnatdorchilik bildirib qolamiz. Husanov ham, Erkinov ham, Fayzullaev ham terma jamoa mehmonxonasini tark etayotgan pallada biroz afsusni ularning nigohidan payqash qiyin emasdi. Ha, ularning barchasi finalda ham o'ynab chempion bo'lishimiz uchun oxirigacha shu erda bo'lishni astoydil xohlashdi. Ular Qatarga kelishdi, ko'rishdi, g'alaba qozonishdi va yana qaytib ketishdi. Qilingan mehnat va maydonda to'kilgan ter uchun rahmat, yigitlar! Buyog'iga bizda 3ta jiddiy yo'qotish bor va bu holatda endi finalda ikkala jamoaning imkoniyatlarini shaxsan o'zim teng baholayman. Albatta, men bizning g'alabamizga ishonaman, bu yigitlar albatta finalni ham yutib olishadi. Lekin, imkoniyatlar endi teng desak bo'ladi. Yaponiyaning bazi o'yinlarini bevosita maydondan kuzatdim va ular juda ham futbol intellekti yuqori bo'lgan jamoa deyishim mumkin. Bir so'z bilan aytganda finalda bir-biriga juda munosib ikki jamoa to'qnash keladi. Menimcha, bo'lajak Olimpiada bahslarida ham aynan mana shu ikki jamoa Osiyo qitasi shonini boshqalardan ko'ra yaxshiroq himoya qilib berishadi.

Finalda ko'rishguncha sog'-salomat bo'ling! Olimpiada yo'llanmasiga qo'shib chempionlik sovrinini ham O'zbekistonga olib borish nasib etsin!

Muallif : Tolibjon Qosimov
Reyting: +21   

Fikrlar

+4   
01 may 18:58:45
Vatanparvar
Бу уйинда танланган тактика хамма нарсани хал килса керак деб уйлайман.
+2   
01 may 19:18:59
Isroiljonn Kasimov
Икки рақиб ўртасидаги фарқ тенг,бундай пайтда йигитларимизнинг IQдаражаси 1-планга чиқади,ишонамиз бизникилар ютади,ин шаа Аллох!!!
+2   
01 may 18:56:38
SHohjahonErgashev
Xudo xohlasa yaponlarni ham tiz cho‘ktirib kubokni olib kelamiz.
+1   
01 may 21:02:16
to'g'riso'z
Иншааллох чемпионлик билан тошкент аэропортида кутиб олининглар йигитлар, ОМИН
   
02 may 10:03:25
Jasur/barsa
2 yil oldin yarim finalda muhlislarsiz oʻtgan Bunyodkor stadionidagi oʻyinda Yaponiyani 2-0 ga yutgandik. Bugungi Yaponiya xuddi shu jamoami yoki boshqami??? Oʻsha paytdegi futbolchiladan hozir nechtasi bor, shu haqida ham malumot berila, muhlislar uchun qiziq.
   
01 may 21:47:10
Odilbek77
Men Yaponiyani yutishimizga ishonaman, 1:0 yetadi, nasib etsa.
championat.asia
Яндекс.Метрика