“Sho'rtan”ni hozircha hech kim rasman tark etmadi

Narzulla Saydullayev
14 iyul 2013, 13:23
G'uzorning “Sho'rtan” jamoasi ayni paytda yig'inni o'z bazasida o'tkazmoqda.
Bosh murabbiy Zoir To'raqulov kuniga ikki mahaldan mashg'ulot o'tkazib, futbolchilar bilan jiddiy ishlamoqda. Oxirgi paytlarda ushbu jamoaning yetakchi futbolchilari yoppasiga kyetib qolayotgani haqida ko'p gapirilmoqda. Ammo jamoa rasmiylarining ma'lum qilishicha transferga qo'yilgan Shavkat Raimqulov, Aziz Mansurov, Muzaffar Umurzoqov, Pavel Leus hamda “Neftchi”dan ijaraga olingan Shukur Jumaboevdan tashqari, hozircha hech qaysi futbolchi rasmiy ravishda klubni tark etmagan. 

To'g'ri, bugungi kunda o'tkazilayotgan mashg'ulotlarda birinchi davrada harakat qilgan futbolchilardan atiga besh nafari ishtirok etmoqda xolos. Asror Aliqulov, Botir Qodirqulov, Zohid Raupov, Aleksandr Vostrikov hamda Abbos Omonov kabi o'yinchlar bilan birga asosan yoshlar jamoasidagi futbolchilar shug'ullanishmoqda. Qolgan yetakchi o'yinchilar ma'lum sabablarga ko'ra ayni paytda mashg'ulotlarda ishtirok eta olishmayapti. Misol uchun himoyachi Jamol Otaqulov va darvozabon Aleksandr Korneychuk davolanish jarayonini o'tkazayotgan bo'lsa, legioner hujumchi Arturas Fomenko tatil paytidan unumli foydalanib vataniga borib kelishni va yig'inga biroz kechroq kelishini klub rahbarlariga ma'lum qilgan. Aytishlaricha 16 iyuldan barcha futbolchilar safga kelib qo'shiladi va jamoa to'liq tarkib bilan yig'inni davom ettiradi.

Birinchi davrada o'zini ko'rsatishga erishgan Obid Jo'raboev, Dilyaver Abibullaev va Ibrohim Otaxonovga ayni paytda boshqa klublardan qiziqish bo'layotgan ersada, ularning jamoa bilan tuzgan amalda shartnomalari mavjud. Shu bois “Sho'rtan” ular bilan osonlikcha xayrlashmoqchi emas.

O'zgarishlar xususida aytadigan bo'lsak, endilikda bosh murabbiy Zoir To'raqulovga Dinmuhammad Qurbonnazarov yaqindan yordam beradigan bo'ldi. Mahalliy murabbiy bunga qadar, viloyat ikkinchi ligasida ishtirok etuvchi “Nuriston” jamoasini boshqarib kelayotgandi.

Oraliq tanaffusdan unumli foydalanish maqsadida jamoa tarkibni kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Klub rahbarlari ayni paytda “Qizilqum”, “Dinamo”, “Paxtakor” hamda “Bunyodkor” kabi jamoalarda faoliyat yuritayotgan o'yinchilarga qiziqish bildirmoqda. Agarda ushbu jamoalar o'rtasidagi muzokaralar ijobiy yakunlansa, “Sho'rtan” safiga bir qator yangi futbolchilar kelib qo'shiladi.

Yuqorida aytib o'tganimizdek, “Sho'rtan” bugungi kunda yig'inni o'z bazasida olib bormoqda. Jamoa ikkinchi davraning dastlabki o'yinini Farg'onada “Neftchi”ga qarshi o'tkazadi. Shu bois mazkur o'yinga jo'nab ketish oldidan, jamoa Toshkentda qisqa muddatli yig'in o'tkazishni rejalashtirmoqda.

Islombek Rustambekov

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championt.asia