Rustam A'zamov: Sovrinlarni yutishga “Bunyodkor”ning imkoniyati ko'proq

Narzulla Saydullayev
20 dek 2013, 16:11
“Bunyodkor” tarkibida bir qator yangi futbolchilar paydo bo'lishdi.

Birin-ketin yangi “qaldirg'ochlar” bilan suhbatlashib, ularning yangi jamoadagi ilk taassurotlarini bilishga harakat qilyapmiz. Bu safargi suhbatdoshimiz Rustam A'zamov bo'ldi.

- Rustam, yangi jamoaga hush kelibsiz. “Bunyodkor” tarkibiga kelib qo'shilganingizga bir haftacha bo'ldi. Aytingchi, bu muddat ichida nimalarni his qildingiz?
- Yangi muhitda o'zimni juda yaxshi his qilyapman. Chunki jamoada vaziyat va futbolchilarning bir-birlari bilan ahil-inoqligi yangilarning tez moslashishini osonlashtiradi. “Bunyodkor”ga moslashishdan ko'ra, “Lokomotiv”dan ketish qiyinroq bo'ldi, degan bo'lardim. Chunki olti yillik faoliyatim aynan “temiryo'lchilar” bilan o'tgandi. “Bunyodkor”dagi hamma narsa menga maqul keldi. Eng asosiysi murabbiy menga katta ishonch bildiryapti.

- Sizni jamoa almashtirishingizga nima turtki bo'ldi? “Bunyodkor”ga o'tishni uzoq o'yladingizmi yoki bu jarayon tez amalga oshdimi?
- Mirjalol Qosimovning qo'ng'irog'idan keyin uzoq o'ylab o'tirganim yo'q va murabbiyning menga bo'lgan ishonchi bu erga yetib kelishimni tezlashtirdi. O'ylashimcha, “Bunyodkor”ning kelajagi yorqinroq. Bu jamoa bilan O'zbekiston chempioni va kubogi sohibi bo'lish imkoniyati ham ko'proq, deb o'ylayman. Aynan shu jihatlar meni “qaldirg'ochlar” oilasiga etakladi.

- Olti mavsum bir jamoada o'ynagan futbolchi uchun boshqa klubga o'tish qanchalik og'ir?
- Albatta “Lokomotiv”ni “Bunyodkor”ga almashtirish oson bo'lgani yo'q. Chunki men u yerda o'sdim, ulg'aydim, futbolchi sifatida oliy liga havosidan aynan “temiryo'lchilar” safida nafas oldim. Yaxshi kunlar ham bo'ldi, yomoni ham! Hatto “Lokomotiv” birinchi ligaga tushib ketgan paytlarida ham klub lagerini tark etmaganman. Umid qilamanki, jamoa almashtirganimni sobiq jamoadoshlarim to'g'ri tushinishadi.

- Futbolga endi-endi kirib kelgan paytlaringizni yodga olsak. O'spirin chog'ingizda kumiringiz bo'lganmi?
- Ha, bunday odam bo'lgan. O'shanda onam to'p tepardi, hozir esa ular ajoyib murabbiy. Yoshligimda onamning maydondagi hatti-harakatlarini kuzatib, o'zimga-o'zim savol berardim: agar ular yordam bersalar, albatta futbolchi bo'laman deb. Kumirim ham, talpinganim ham, hatto ilk murabbiyim ham onam bo'lgan. Ularni oldida doimo tazimdaman. Shuningdek, italiyalik mashhur himoyachi Paolo Maldinining harakatlariga havas bilan qarardim.

- Siz bungacha hech qachon Osiyo Chempionlar ligasida o'ynamagansiz. Bu yil ushbu baxtga “Bunyodkor” bilan erishishga yaqinsiz. Ushbu turnir orqali futbolchi sifatida katta o'sishga erishishingiz mumkin.
- Mavsumoldi tayyorgarliklar chog'ida o'zimni har tomonlama ko'rsatib, ushbu turnirga loyiq ekanligimni isbotlashga harakat qilaman.

P.S. Taqdir kuchlilarga yordam beradi!


Doniyol Ro'zimov suhbatlashdi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcbunyodkor.com