“Real”ning yozgi transfer oynasidagi rejalari ma'lum

Eldor Akmurzayev
6 may 2021
Bu haqda Mundo Deportivo xabar bermoqda.

Manbaga ko'ra, “Real” yozda Isko, Marselo, Alvaro Odriosola, Luka Yovich, Mariano Diaz va Dani Sebalos bo'yicha takliflarni ko'rib chiqishga tayyor. Klub shu orqali xarajatlarni tejab qolmoqchi.

Yozdagi ilk transfer esa erkin agent sifatida jamoaga keladigan David Alaba bo'ladi. Tomonlar allaqachon kelishuvga erishgan va rasmiy xabar e'lon qilinishi kutilmoqda. Ustuvor maqsadlar qatorida Kilian Mbappe va Erling Xoland bor. Mbappening PSJ bilan shartnomasi 2022 yil yozida tugaydi va u bitimni uzaytirishga shoshilmayapti. Xolandning agenti Mino Rayola esa mijoziga yangi jamoa izlashda davom etmoqda.

Yarim himoyaga “Renn”dan 18 yoshli francuz Eduardo Kamavingani sotib olish rejalashtirilgan.

Pau Torres (“Vilyarreal”) va Jyul Kunde (“Sevilya”) esa jamoani tark etishi kutilayotgan Serxio Ramos va Rafael Varanning o'rniga himoyani kuchaytirish uchun olib kelinishi mumkin.

Madridliklar ustozi Zinedin Zidanning klubdagi kelajagi esa noma'lumligicha qolmoqda.

Avvalroq, El Chiringuito Eden Azar transferga qo'yilgani haqida xabar bergandi.


Eldor AkmurzayevMuallif
Manba: Mundo Deportivo