O'zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasi – Trabzonda

Narzulla Saydullayev
3 iyul 2013, 22:38
O'zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasi Rizega faqat rasmiy o'yin o'tkazish uchun boradi.
O'zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasi 3 iyul kuni Borajet aviakompaniyasi samolyotida Gaziantep – Trabzon yo'nalishi bo'yicha parvoz qilib, Trabzon shahrida, Qora dengiz bo'yida joylashgan Novotel mehmonxonasiga joylashdi. Mehmonxona mamuriyati O'zbekiston yoshlar terma jamoasi vakillarini gullar bilan kutib olishdi.

Ahmadjon Musaev shogirdlari Rize shahriga faqat Fransiya yoshlar terma jamoasiga qarshi U-20 JCH-2013 chorak final o'yinini o'tkazish uchun boradi. Mashg'ulotlar Trabzon shahrida olib boriladi. Qayd etish joiz, 3 iyul kuni Trabzon shahrida havo bulutli bo'lib turibdi; havo harorati 24 daraja iliq. Namlik darajasi 50 foizdan ortiq. O'zbekistonlik yoshlar joy olgan samolyot yam-yashil Trabzon shahriga qo'nish arafasida 10 daqiqadan ortiq vaqt mobaynida qalin va oppoq bulutlar orasida sayr qildi.

Ma'lumot o'rnida, O'zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasi Trabzongacha Fransiya bilan birga parvoz qildi. Novotel mehmonxonasida, O'zbekiston U-20 va Fransiya U-20 terma jamoalaridan tashqari, bugun, 3 iyul kuni o'zaro nimchorak final o'yinini o'tkazadigan Janubiy Koreya va Kolumbiya yoshlar terma jamoalari ham istiqomat qilmoqda.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasi 6 iyul, shanba kuni Rize shahrida Yeni Shehir stadionida Turkiyada davom etayotgan yoshlar o'rtasidagi 2013 yilgi jahon chempionati chorak final o'yinlari doirasida Fransiya yoshlar terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 20:00da boshlanadi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com