"Navbahor": Ashurmatov yangi haftadan ishga kirishadi

Narzulla Saydullayev
11 yanv 2014, 16:20
Bugun jamoa a'zolari tayyorgarlik bosqichining kichik qismini yakunlashdi.
Murabbiylar mashg'ulotlarda ishtirok etayotgan futbolchilarni ikki tarkibga bo'lgan holda nazorat o'yinini o'tkazishdi. Sariqlar va qizillar o'rtasidagi bahsda bu safar qizillar 4:3 hisobida g'alaba qozonishdi. E'tiborli jihati ushbu tarkibdan asosan yosh futbolchilar o'rin olishgandi. Yoshlar Javlon Xolmirzaev (2 ta), Sobit Vohidov va Bobur Karimovlarning gollari tufayli g'alabani qo'lga kiritishdi. Mag'lubiyatga uchragan tomon gollariga esa Oyatullo Muhiddinov, Ilhom Boydedaev hamda Botir To'raboevlar mualliflik qilishdi.
Tarkiblar quyidagicha ko'rinishga ega bo'ldi.

Sariqlar: Islom Jo'raev, Botir To'raboev, Omon-Biik Halilov, Vadim Lyubinskiy, Jalol Ikromov, Bilol Sharofiddinov, Nodir Teshaboev, Ilhom Boydedaev, Oyatullo Muhiddinov, Sohib Abdullaev, Ayubxon Gapparov. Zaxiradan maydonga tushganlar: Isroil Obidjonov, Bobur Karimov.

Qizillar: Alisher Ahmedov, Sardor Asqarov, Muhammad Nuriddinov, Muhammad Rasulov, Ibrohim Karimov, Murod Rahmonov, Javlon Xolmirzaev, Komil Qo'chqarov, Bobur Karimov, Sobit Vohidov, Islom Ismailov. Zaxiradan maydonga tushganlar: Islom Jo'raev, Oyatullo Muhiddinov.
Mazkur uchrashuvda betobliklari tufayli Azim Ahmedov, Azamat Mamadjanov va Akbarsho Rashidxanovlar ishtirok etishmadi.

Uchrashuv yakuniga etgach, jamoa a'zolariga bir kunlik hordiq e'lon qilindi. Xabaringiz borki, navbatdagi mavsumda Baxtiyor Ashurmatov Navbahorda bosh murabbiy vazifasini bajaradi. Klub rahbarlari bilan uchrashib, kelgusi faoliyat xususida kelishib olgan Ashurmatov Toshkentga qaytib ketgandi. Jamoaning dushanba kunidan boshlanadigan yig'iniga bevosita Ashurmatovning o'zi boshchilik qiladi. Murabbiy Namanganga yetib kelgach, murabbiylar shtabi borasida ham bir to'xtamga kelinadi. O'z navbatida tarkibga ham bir qator yangi o'yinchilarni qo'shilishi rejalashtirilgan.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: pfcnavbahor.uz