Lokomotiv matbuot xizmati qur'a tashlash marosimini TVda to'g'ridan-to'g'ri efirga uzatilganini alohida etirof etdi

Narzulla Saydullayev
4 fev 2018, 13:30
Superliga-2018 uchun o'tkazilgan qur'a tashlash marosimidan so'ng mamlakat chempioni Lokomotiv klubining matbuot xizmati vakili ham o'z fikrlarini bildirib o'tdi.

- Qur'a jarayoni avvalgilariga nisbatan, ancha o'zgacha tarzda tashkil etilgani menga manzur bo'ldi. Ayniqsa, qur'aning bevosita TV orqali namoyish etilgani tahsinga sazovordir. PFLning tashkiliy jihatga alohida e'tibor bilan yondoshgani sezilib turdi. Qur'a natijalari haqida gap ketsa, "Lokomotiv" ilk turni safarda "Qizilqum"ga qarshi o'tkazadigan bo'ldi. 

Qizig'i shundaki, "Lokomotiv" o'tgan yili ham chempionatni safarda boshlagan edi. Lekin bu yil format o'tgan yilgidan butkul farq qilishi ham bor gap. Endilikda chempionatimizning yuqori ligasida 12ta jamoa g'oliblik uchun bahs olib borishadi. "Lokomotiv" amaldagi chempion sifatida o'z unvonini saqlab qolishga urinadi. Oldinda bizni murosasiz bahslar kutayotganiga aminman. Zero yangi mavsumdan klublar oldiga qo'yilayotgan talablar yuqori. Shu bilan birgalikda jamoalardan muxlislar oldingilardan yaxshiroq o'yin kutishi ham tayin. Shu boisdan ham yangi mavsumni intiqlik bilan kutyapman - deydi Zohirbek Akramxonov.


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia